O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33-yilligi munosabati bilan bayram tabrigi

01.09.2024

566

msk_yangiliklari_in

Qadrli vatandoshlar!

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi jamoasi barcha vatandoshlarimizni  mamlakatimiz davlat mustaqilligining 33-yillik shonli bayrami bilan samimiy muborakbod etadi.

 

Milliy istiqlolimiz bugungi kunda ko‘p millatli butun xalqimizni Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek buyuk maqsad yo‘lida birlashtirib, yangi yutuq va marralar sari ilhomlantirmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar jarayonida erkin va ozod xalqlar oilasida munosib o‘rin egallab, inson yuksak qadr topgan zamonaviy taraqqiyotga erishish naqadar ulug‘ baxt, shu bilan birga, ulkan mas’uliyat ekanini yanada chuqur his etmoqdamiz. 

 

Bu yil mamlakatimiz va xalqimiz hayotidagi muhim siyosiy voqea - 27-oktyabr kuni milliy parlamentimiz va mahalliy kengashlarga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Bu saylovlar milliy mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, jonajon O‘zbekistonimizni dunyodagi rivojlangan, demokratik davlatlar qatoriga ko‘tarishda yana bir muhim amaliy qadam bo‘lishiga ishonamiz.

 

 “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan eng ulug‘ va muqaddas bayramimiz shukuhi oilalarimiz davrasida, qalblarimizda chinakam ozodlik va saodat ayyomi sifatida davom etaveradi.

 

Betakror yurtimizdan tinchlik-xotirjamlik, osoyishtalik va farovonlik, hayotingizdan, xonadoningizdan hech qachon fayzu baraka, quvonch arimasin.  Vatanimiz ravnaqi yo‘lidagi sa’y-harakatlaringizda yuksak muvafaqqiyatlar va omadlar yor bo‘lishini tilaymiz.

 

Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

 

 O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur