YXHT DIIHBNING REFERENDUMNI KUZATISH BO‘YICHA CHEKLANGAN MISSIYASI AʼZOLARI BILAN UCHRASHUV

28.03.2023

2252

msk_yangiliklari_in

YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining referendumni kuzatish missiyasi Toshkentda o‘z ishini boshladi.

Cheklangan missiya tarkibiga elchi Albert Yonsson (Islandiya) va uning o‘rinbosari Lusine Badalyan (Armaniston) rahbarlik qilmoqdalar.

Missiya tarkibi 10 nafar ekspertlardan, shu jumladan. siyosiy, huquqiy, media hamda saylov sohasidagi tahlilchilar, uzoq muddatli kuzatuvchilar koordinatori, DIIHB idorasi xodimlari va maslahatchilaridan iborat.

Joriy yil 28-mart kuni MSKda YXHT DIIHB missiyasi aʼzolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Elchi Albert Yonsson taʼkidlaganidek, DIIHBning cheklangan missiyasi O‘zbekiston MSKning taklifini bo‘lajak referendumda maksimal darajada ochiqlik va demokratiyani taʼminlash istagi sifatida baholaydi. Asosiy guruh ekspertlaridan tashqari missiya tarkibiga 14 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilar ham qo‘shiladi.

Ovoz berish kunidan so‘ng Missiya referendumgacha bo‘lgan davr va referendumdan keyingi faktlarni ko‘rsatuvchi dastlabki bayonotini taqdim etadi.

Shundan so‘ng, referendumni tashkil etish va o‘tkazish sohasidagi amaliyot va qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan takliflar, tavsiyalarni o‘z ichiga olgan yakuniy hisobot tayyorlanadi.

Uchrashuv chog‘ida, Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev referendum jarayonlari xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirilganligi, MSK tomonidan tasdiqlangan Kalendar reja va milliy qonunchilik asosida referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tizimli ravishda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil maʼlumot berdi.

Tomonlar MSK va YXHT DIIHB o‘rtasida samarali hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha fikr almashdilar.

 

MSK Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur