YXHT DIIHBning ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi

28.05.2024

6876

msk_yangiliklari_in

O‘zbekistonga YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Ehtiyojlarni baholash missiyasi (EBM) ekspertlari tashrif buyurdi. 

YXHT DIIHB metodologiyasi bo‘yicha ehtiyojlarni baholash muayyan saylov oldidan amalga oshiriladi va saylovoldi holatiga beriladigan baho hamda milliy saylov qonunchiligining umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga mosligi natijalaridan kelib chiqib, saylovni kuzatishning maqsadga muvofiqligi, kuzatish shakli, muddati va kuzatuvchilarning zaruriy soni haqida qaror qabul qilinadi.  

Tashrif dasturiga muvofiq EBM ekspertlari qator vazirlik va idoralar, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati instituti vakillari bilan uchrashadi. 

Bugun, 28-may kuni Missiya ekspertlari YXHT DIIHB saylov departamenti katta maslahatchisi Keara Kastaldo hamda saylovlar bo‘yicha maslahatchisi Kaxa Inaishvili Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev bilan uchrashdi. 

Uchrashuvda DIIHB saylovlarni kuzatish Missiyalarining natijalari bo‘yicha berilgan tavsiyalarni milliy saylov qonunchiligi va amaliyotiga tatbiq qilish, saylovlarga oid huquqiy bazani takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.

Umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlari shuningdek, Byuroning yakuniy hisobotlarida keltirilgan tavsiyalarni hisobga olgan holda milliy saylov qonunchiligi va saylov tizimini yanada takomillashtirishda 2023-yil 18-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek, ekspertlar Parlament quyi palatasi va saylov organlari tizimidagi o‘zgarishlar bilan tanishdilar. Ushbu o‘zgarishlarga ko‘ra mamlakatda saylov organlarining yagona markazlashgan tizimi shakllantirilmoqda, Parlament quyi palatasiga saylovlar aralash saylov tizimi asosida o‘tkaziladi.

Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlari DIIHB missiyalarining 2023-yilda o‘tkazilgan referendum va muddatidan ilgari prezident saylovini kuzatish bo‘yicha yakuniy hisobotlarini tahlil qilish va ulardagi tavsiyalarni saylov qonunchiligi va amaliyotiga joriy qilish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqilganligi uchun minnatdorlik bildirdilar. Shuningdek, mamlakatimizda saylov tartib-taomillari tamoyillarini umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillarga muvofiq takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur