Yangi qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan tadbir

10.11.2023

1402

msk_yangiliklari_in

Soʻnggi vaqtlarda qabul qilinayotgan qonunlarning jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilayotgani, ushbu jarayonda xalqimiz faol qatnashayotgani hamda oʻz taklif va mulohazalarini emin-erkin bildirayotgani huquqiy hujjatlarning har jihatdan pishiqligini, hayotiyligini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga kiritilgan normalar ham mavjud qonunchiligimizga singdirilmoqda.

 


Shu nuqtai nazardan aytganda, bir guruh deputatlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi. Ushbu qonun loyihasining mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, muhokamalar oʻtkazish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Markaziy saylov komissiyasi hamda Adliya vazirligi vakillaridan iborat targʻibot guruhi tomonidan mamlakatimiz mintaqalarida qator tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.

 

Jumladan, 2023-yil 9-noyabr kuni Samarqand viloyat Adliya boshqarmasi binosida adliya tizimi xodimlari hamda viloyatda faoliyat olib borayotgan nodavlat-notijorat tashkilotlarining vakillari ishtirokida Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirishga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

 

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari N.Rizayev, Gʻ.Abdiyev, Markaziy saylov komissiyasining kotibi X.Mamatovlar dolzarb mavzularda maʼruza qildilar.

 


Jahon tajribasidan maʼlumki, siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish, fuqarolarning siyosiy faolligini oshirish hamda davlat va jamiyat oʻrtasida oʻzaro uzviylikni taʼminlashda ochiq va shaffof koʻrinishdagi saylov tizimi muhim ahamiyatga ega. Zero, saylov – demokratik davlatning muhim belgisidir. Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida sinovdan muvaffaqiyatli oʻtgan saylov tizimlari mavjud boʻlib, bularning ichida, ayniqsa, demokratik davlatlar tajribasida saylov tizimining majoritar, proporsional va aralash shakllaridan unumli foydalanib kelinmoqda.

 

Markaziy saylov komissiyasi kotibi Xudoyor Mamatov maʼruzada qayd etib oʻtganidek: “Hozirgi kunda yurtimizda saylov jarayonlari majoritar tartibda oʻtkazilib, Qonunchilik palatasi deputatlari ushbu saylov tizimi asosida, yaʼni hududiy bir mandatli okrug boʻyicha saylanadi. Oʻzbekistonda amalda boʻlgan hozirgi davrdagi amaliyot va umuman xorijiy davlatlar tajribasi majoritar saylov tizimining ijobiy jihatlari bilan birga, bir qator oʻziga xos kamchiliklarini ham namoyon etmoqda.

 

 

Xususan, parlamentni shakllantirishda saylovchilarning har bir berilgan ovozi emas, balki gʻolib boʻlgan nomzodga berilgan ovozlari inobatga olinadi. Yaʼni, gʻolib boʻlgan nomzodni saylagan fuqarolarning xohish-irodasi asosida vakillik organlari shakllantirilib, qolgan saylovchilarning ovozlari ahamiyatga ega boʻlmaydi.

 

Proporsional saylov tizimida esa, saylovchilar aniq bir shaxsga emas, balki siyosiy partiyalarga ovoz beradilar va deputatlik oʻrinlari partiyalar olgan ovozlarga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Bir vaqtda ham majoritar ham proporsional saylov tizimini oʻzida jamlagan tizim esa - aralash saylov tizimi deb yuritiladi. Hozirgi kunda Janubiy Koreya, Belgiya, Vengriya, Qozogʻiston, Germaniya va Ispaniya kabi davlatlardagi saylovlar ushbu tizim asosida oʻtkaziladi. Aralash saylov tizimiga oʻtilishi esa siyosiy partiyalar oʻrtasidagi sogʻlom raqobatni yanada kuchaytiradi.

 

Shu oʻrinda yana bir muhim masalaga eʼtibor qaratish joiz. Aralash saylov tizimiga oʻtilishida fuqarolarning ham siyosiy hayotdagi pozitsiyasi katta rol oʻynaydi. Siyosiy partiyalar va ulardan saylangan deputatlar oʻzlariga berilgan vakolatlardan unumli foydalanmogʻi lozim boʻladi.

 


Aralash saylov tizimida saylovchilar parlament deputatlarining bir qismini partiyalarga ular tomonidan taqdim etilgan nomzodlar roʻyxatiga muvofiq ovoz berish orqali saylashadi va qolgan deputatlar majoritar tartibda alohida nomzodlarga ovoz berish orqali saylanadi. Oʻzbekiston amaliyotiga tatbiq etilayotgan qonun talabiga muvofiq Qonunchilik palatasi deputatlarining 50 foizi hududiy bir mandatli saylov okrugidan saylanib, qolgan 50 foizi partiya roʻyxati asosida saylanadi.

 


Eʼtiborli jihati, aralash tizim proporsional tizimning umumiy afzalliklarini saqlab qolgan holda, saylangan deputatlar va saylovchilar oʻrtasidagi aloqani taʼminlash hamda majoritar saylovda muvaffaqiyat qozona olmagan partiyalarga ham oʻzlari olgan ovozlarga mutanosib deputatlik mandatlarini qoʻlga kiritish imkoniyatini beradi”.

 


Davlat va jamiyat oʻrtasidagi uygʻunlikni taʼminlashda shubhasiz, siyosiy partiyalar va ulardan saylangan deputatlarning ahamiyati katta. Xalq vakillarining saylanishida va ularning mamlakat hayotida kechayotgan siyosiy jarayonlarda faollik bilan ishtirok etishida ochiq va shaffof saylov tizimi zarur.

 


Jahon tajribasida oʻzini oqlagan aralash saylov tizimi – fuqarolarimizning siyosiy faolligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Bu esa milliy parlamentimiz faoliyatining kuchayishida, siyosiy partiyalarning yanada jadallashuvida debocha vazifasini oʻtaydi.

 


Konstitutsiyaviy qonun targʻibotiga bagʻishlangan tadbirlar davlat organlari, korxona, tashkilot, muassasalar hamda fuqarolik jamiyati institutlarida davom etmoqda.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur