Hududiy saylov komissiyalari a’zolarining kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan o‘quv platformasi

22.10.2025

209

msk_yangiliklari_in

Joriy yilning 20-21-oktyabr kunlari Toshkent shahrida hududiy saylov komissiyalarining doimiy a’zolari uchun “Xalqaro saylov standartlari va O‘zbekistonda saylovlarni o‘tkazish amaliyoti” mavzusida o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.

O‘quv mashg‘ulotlari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekiston saylov tizimini yanada takomillashtirish” loyihasi doirasida, YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi ishtirokida tashkil etildi.

 

Tadbir ishtirokchilarini Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z. Nizamxodjayev, YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Antti Karttunen hamda YXHT DIIHBning saylov bo‘yicha maslahatchisi Kaxa Inashvililar qutladilar.

Z. Nizamxodjayev o‘quv tadbirining maqsad va vazifalariga to‘xtalar ekan, uning maorifiy va kasbiy ahamiyatiga alohida urg‘u qaratdi. “Mazkur o‘quv kursi hududiy saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishda muhim mezon bo‘lib xizmat qiladi, bu esa milliy darajada saylov jarayonining qonuniyligi, sifati va shaffofligini oshirish imkonini yaratadi”, – dedi Markaziy saylov komissiyasi Raisi.

 

Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonning saylov qonunchiligidagi yangiliklariga muvofiq, 2024 yilgi saylovlar oldidan ilk bor mamlakat tarixida barcha hududlarda va Toshkent shahrida doimiy faoliyat yurituvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va hududiy saylov komissiyalari tashkil etildi va o‘z faoliyatini boshladi. Bo‘lib o‘tgan saylov kampaniyasi mobaynida mazkur komissiyalar o‘z hududlarida Qonunchilik palatasi deputatlari hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha bir qator muhim vazifalarni amalga oshirdilar. Shuningdek, ularning vakolatiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi va Respublika miqyosida referendumlarni tegishli hududlarda tashkil etish va o‘tkazish ham kiradi.

 

 

Shuningdek, saylovdan keyingi davrda saylov komissiyalari a’zolarining kasbiy salohiyatini oshirish, ularni saylov jarayonlarida o‘z vazifalarini samarali bajarishlari uchun zarur bilim va amaliy ko‘nikmalar bilan ta’minlashga qaratilgan bugungidek trening mashg‘ulotlar tashkil qilish – Markaziy saylov komissiyasining ustuvor vazifasidir.

 

Ikki kunlik o‘quv kursi doirasida ishtirokchilar xalqaro saylov standartlari, ularning manbalari va asosiy qoidalari bilan bevosita tanishdilar.

 

 

Shuningdek, xorijiy ekspertlar tomonidan O‘zbekistonda 2024-yilda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarini o‘tkazish amaliyoti yuzasidan sharh va tahlillar taqdim etildi, sohadagi muammolar va tendensiyalar muhokama qilindi. Shu bilan birga, hududiy saylov komissiyalarining xalqaro kuzatuvchilar bilan o‘zaro hamkorlik qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyati yaratildi.

 

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur