TOSHKENTDA MDH DAVLATLARI SAYLOV ORGANLARI RAHBARLARI MASLAHAT KENGASHINING BIRINCHI YIG‘ILISHIDA UCHRASHDILAR

08.07.2023

2542

msk_yangiliklari_in

2023-yilning 8-iyul kuni Toshkent shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga aʼzo davlatlarning saylov organlari rahbarlari Maslahat kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Maslahat kengashi aʼzolari – Armaniston, Belarus, Tojikiston saylov organlari rahbarlari, Qirg‘iziston va Rossiya saylov organlari rahbarlarining vakillari ishtirok etdi. Yig‘ilishda, shuningdek, Maslahat kengashining maslahat ovozi huquqiga ega aʼzolari – Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Bosh kotibi S.Lebedev boshchiligidagi Ijroiya qo‘mitasi vakillari hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga aʼzo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi Bosh kotibi – MDH PA Kotibiyati rahbari D.Kobiskiy boshchiligida Kotibiyat vakillari ishtirok etdilar.

Maslahat kengashning konsensus asosida qabul qilingan qarori bilan majlisda kuzatuvchi sifatida Qozog‘iston va Turkmaniston saylov organlari rahbarlari hamda Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, Osiyo saylov organlari assotsiatsiyasi va MDHga aʼzo davlatlarning Demokratiya va parlamentarizmni rivojlanishi va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish xalqaro instituti kabi milliy saylovlar, referendumlarning ilmiy-amaliy masalalari bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda yangi tashkil etilgan MDHga aʼzo davlatlarning saylov organlari rahbarlarining Maslahat kengashi faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilish avvalida MDH Ijroiya qo‘mitasi Bosh kotibi S.Lebedev yig‘ilganlarni MDHga aʼzo davlatlar saylov organlari rahbarlari Maslahat kengashi faoliyatining boshlanishi bilan tabrikladi. Maslahat Kengashning demokratik saylovlar, referendumlarni o‘tkazish, Hamdo‘stlikka aʼzo davlatlarda saylov jarayoni ishtirokchilarining saylov huquqlari va erkinliklarini taʼminlash va himoya qilish, hamda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalarini amalga oshirishda, saylov organlarining o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirishni taʼminlashda yetakchi rol o‘ynaydigan muhim bo‘g‘inlardan biri ekanligini alohida taʼkidladi.

S.Lebedev saylov sohasida samarali muloqot maydonini yaratish va faol o‘zaro hamkorlikni amalga oshirish zarurligiga Maslahat kengashi aʼzolarining eʼtiborini qaratdi. Yangi tashkil etilgan Kengash o‘z faoliyati bilan MDHga aʼzo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikka katta hissa qo‘shishiga va muhim tarkibiy qism bo‘lib xizmat qilishiga umid bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizomxodjayev yig‘ilish ishtirokchilarini qutlar ekan, ishtirok etayotgan barcha mamlakatlar saylov organlari rahbarlariga ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdagi o‘rni va Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasini kuzatishda faol ishtirok etayotganlari uchun alohida minnatdorlik bildirdi.

Z.Nizamxodjayev Maslahat kengashi yangi platformani yaratishga imkon berib, saylov sohasidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochadi deb taʼkidladi. Z.Nizamxodjayev o‘z nutqini “Ishonchim komilki, Maslahat kengashi MDHga aʼzo davlatlarning saylov organlari o‘rtasidagi hamkorlikni taʼminlash va mustahkamlashga hissa qo‘shadi. MDHga aʼzo davlatlarning milliy qonunchiligi va xalqaro majburiyatlariga muvofiq saylov jarayonini takomillashtirishga ko‘maklashadi” deb yakunladi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha 2023-2024-yillarda Maslahat kengashiga raislik qilish O‘zbekiston MSK raisi Z. Nizamxodjayevga, Maslahat kengashiga hamraislik esa Belarus MSK raisi I.Korpenkoga topshirildi.

Muhokamalarga qo‘yilgan masalalar yuzasidan Armaniston MSK raisi V.Ovakimyan, Belarus MSK raisi I.Karpenko, Tojikiston MSK raisi B.Xudoyorzoda, Rossiya Federatsiyasi MSK raisi o‘rinbosari N.Bulayevlar so‘zga chiqdi.

MDHga aʼzo davlatlarning saylov organlari rahbarlarining Maslahat kengashi to‘g‘risidagi Nizom talablariga muvofiq Kengash ishchi apparati funksiyalari O‘zbekiston MSK doimiy aʼzosi G.Rahimova va MDH Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari A.Zavarzin zimmasiga yuklatildi.

Majlis davomida Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi Bosh kotibi o‘rinbosari Chang Yul Li nutq so‘zladi. BSOA direktori o‘rinbosari Teryon Li BSOAning ishlarni tashkil etish tajribasi to‘g‘risida taqdimot qildi.

Maʼlumot uchun: MDHga aʼzo davlatlar saylov organlari rahbarlarining Maslahat kengashi MDH Davlat rahbarlari kengashining 2022-yil 14-oktyabrda Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishi qarori bilan tashkil qilingan.

Bugungi kunda Kengash tarkibiga Hamdo‘stlikka aʼzo davlatlar: Armaniston Respublikasi, Belarus Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi markaziy saylov organlari rahbarlari kiritilgan.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur