O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin NIZAMXODJAYEVning BRIFINGDAGI NUTQI

27.10.2024

2774

msk_yangiliklari_in

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin NIZAMXODJAYEVning

BRIFINGDAGI NUTQI

 

MSK matbuot markazi.

2024-yil 27-oktyabr, soat 9:00

 

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

 

Bugun, ya’ni 27 oktyabr kuni soat 8:00 da O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlarining saylovi boshlandi.

 

Ertalab soat sakkizda hududiy saylov komissiyalari tomonidan tuzilgan 11 ming 28 ta saylov uchastkalari saylovchilarga o‘z eshiklarini ochdi.

 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 40 ta xorijiy davlatdagi diplomatik va konsullik muassasalari huzurida 57 ta saylov uchastkalari, jumladan, Sharq mamlakatlarida tashkil etilgan saylov uchastkalari ish boshladi.

Ayni paytda Markaziy saylov komissiyasi bilan barcha hududiy saylov komissiyalari va saylov uchastkalari o‘rtasida muntazam aloqa o‘rnatilgan.

 

Ovoz berish birinchi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Malayziya, Singapur, Indoneziya, Tailand va Hindistondagi vakolatxonalari huzurida tashkil etilgan saylov uchastkalarida boshlandi.

 

Joriy yilgi saylovlarda Saylov jarayonini boshqarishning avtomatlashgan tizimidagi Saylovchilarning elektron ro‘yxatiga mamlakatimizdagi 19 million 944 ming 859 nafar saylovchi kiritilgan. Bundan tashqari, chet ellardagi saylovchilarmiz 165 ming 631 nafarni tashkil etdi.

 

Bu yilgi saylovlar yangilangan Konstitutsiya va milliy saylov  qonunchiligiga binoan, aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilmoqda.

Bu tizim Qonunchilik palatasi deputatlarining 75 tasini bir mandatli saylov okruglaridan majoritar saylov tizimi bo‘yicha, qolgan 75 tasini esa partiya ro‘yxati bo‘yicha proporsional saylov tizimi orqali saylash imkonini beradi.

 

“Mening tanlovim – obod Vatanim!” shiori ostida o‘tayotgan saylovlarda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan beshta siyosiy partiya va ular tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar raqobatga kirishgan.

 

Bular: Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi;

 

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi;

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi;

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi;

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi.

 

O‘zbekiston tarixida birinchi marta siyosiy partiyalar tomonidan barcha darajadagi deputatlik o‘rinlariga 100 foiz nomzodlar ko‘rsatildi.

 

Bunda, “E-saylov” axborot tizimining ishga tushirilgani muhim ahamiyat kasb etdi. Bu tizim orqali siyosiy partiyalar nomzodlarning qonunchilik talablariga mosligi holati bo‘yicha saylov komissiyalari bilan tezkor ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

 

Yangi tizim fuqarolar uchun ham saylovga doir axborotlarni olishda ko‘plab qulayliklar yaratdi va saylovga tayyorgarlik jarayonida o‘zining afzalligini to‘la namoyon qildi.

 

 

Bu galgi saylovlarda Qonunchilik palatasiga jami 875 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar kengashlariga jami 3 625 nafar, xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga jami 24 850 nafar nomzod ko‘rsatildi.

 

22-sentyabrdan 25-oktyabrga qadar o‘tkazilgan saylovoldi  tashviqoti davrida siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari tomonidan qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilmadi.

 

Bunda siyosiy partiyalar tomonidan imzolangan odob-axloq qoidalari ham o‘z samarasini berdi.

 

16 – 23-oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonida mamlakatimiz hududida – 1 million 15 ming 948 nafar, xorijda esa 132 ming 667 nafar saylovchi ovoz berdi.

 

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

 

Mamlakatimiz tarixida ilk marotaba Toshkent shahridagi ayrim saylov uchastkalarida saylov kuni elektron ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish tajriba-sinov tariqasida joriy etilmoqda.

 

Qayd etish lozimki, elektron ovoz berish uskunalari ovoz berish va saylov natijalarini tezkor aniqlash, ovoz berish jarayonlarining qonuniyligini ta’minlash, saylov komissiyalarining ish hajmini maqbullashtirishga xizmat qiladi.

 

Saylov kuni saylov jarayonini real vaqt rejimida (onlayn) video-translyatsiya qilish maqsadida mamlakatimizning tuman va shaharlari hududidagi tegishli texnik talablarga muvofiq bo‘lgan saylov uchastkalarida videokameralar o‘rnatildi.

Ko‘rib turganingizdek, bu Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazidagi ekranlarida, saylov.uz rasmiy veb-saytida hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston 24” va boshqa telekanallarida ovoz berish jarayonini onlayn kuzatish imkonini bermoqda.

 

Hozirga qadar olingan ma’lumotlarga ko‘ra, saylovlar xalqaro me’yorlar va standartlarga mos milliy saylov qonunchiligimizga, unda belgilangan ochiqlik, oshkoralik va adolat kabi demokratik prinsiplarga to‘la mos holda, ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda.

 

Saylov kodeksiga binoan, O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi–saylovchi teng saylov huquqiga ega. Saylovda erkin va yashirin ovoz beriladi. Ovoz beruvchilarning xohish-irodasi nazorat qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. 

 

Saylov qonunchiligiga muvofiq, sog‘lig‘ining holati yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmaydigan saylovchilar uchun uchastka saylov komissiyalari ovoz berishni o‘sha saylovchilar turgan joyda tashkil etadi.

 

Saylovni 800 dan ortiq xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar kuzatib bormoqda.

 

Ayni paytda, siyosiy partiyalardan 55 ming nafar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 10 ming nafardan ziyod kuzatuvchi saylovni bevosita kuzatib bormoqda.

 

Mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining jami 1 068 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

 

Hozirga qadar Markaziy saylov komissiyasiga saylovlarda ovoz berish jarayoni davomida saylov qonunchiligi buzilishi haqida ma’lumotlar kelib tushmadi.

 

Agarda saylovchilar, kuzatuvchilar yoki ommaviy axborot vositalari vakillari saylov qonunchiligi buzilishi holatlarini aniqlagudek bo‘lsa, sud, prokuratura, ichki ishlar organlari yoki saylov komissiyalariga murojaat qilishi mumkin.

 

Buning uchun barcha saylov uchastkalarida ma’muriy sudlar va prokuratura organlarining telefon raqamlari haqida ma’lumotlar mavjud.

 

Matbuot markazidagi tabloda soat 11:00 holatiga saylovda qatnashganlar soni to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotni e’lon qilish rejalashtirilgan.

 

E’tiboringiz uchun rahmat!

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur