Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishiga ijozat berildi

21.08.2024

1113

msk_yangiliklari_in

2024 yil 21 avgust kuni Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

 

Jumladan, joriy yilning 16 avgust kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan va O‘zbekiston Ekologik partiyasidan, 17 avgust kuni esa O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan va O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasidan saylovda ishtirok etishga ijozat berish to‘g‘risidagi arizalar “E-saylov” axborot tizimi orqali Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushdi.

 

 

 

Siyosiy partiyalarning arizalari taqdim etilgan kunning o‘zida ularning vakolatli vakillari o‘z partiyalarining saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilarning imzosi qo‘yilgan imzo varaqalarini Markaziy saylov komissiyasiga topshirdilar.

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan imzo varaqalarini tekshirish bo‘yicha Adliya vazirligi huzuridagi Hadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi malakali mutaxassislari, IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazi va quyi tizimlari ekspertlari, Toshkent davlat yuridik universitetining professor-o‘qituvchilari va fuqarolik jamiyati instituti vakillaridan tarkib topgan jami 33 nafardan iborat ekspertlar guruhlari tuzilib, ular taqdim etilgan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini saylov qonunchiligiga muvofiq tekshirib chiqdilar.

 

 

Tekshiruv natijalariga ko‘ra har bir siyosiy partiya 40 mingdan ortiq haqiqiy imzo to‘plashga muvaffaq bo‘lganligi aniqlandi.

 

Saylov kodeksining 69-moddasiga muvofiq saylovda ishtirok etuvchi partiyalar ro‘yxati arizalarning kelib tushishi navbati tartibida markaziy matbuotda e’lon qilinadi. Shunga ko‘ra, siyosiy partiyalardan hujjatlarning kelib tushishi navbatiga asosan quyidagi ketma-ketlikda siyosiy partiyalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ishtirok etishga ijozat berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi:

 

birinchi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasiga;

 

ikkinchi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasiga;

 

uchinchi, O‘zbekiston Ekologik partiyasiga;

 

to‘rtinchi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasiga;

 

beshinchi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasiga.

 

Ma’lumki, Saylov kodeksining 31-moddasiga asosan Qonunchilik palatasi deputatlarining yagona saylov okrugi bo‘yicha saylovida saylov byulleteniga unda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning nomi, ramziy belgisi ularning saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbatiga muvofiq ketma-ketlikda kiritiladi.

 

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur