Siyosiy partiyalar prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish bo‘yicha hujjatlar taqdim etishdi

01.06.2023

2374

msk_yangiliklari_in

Joriy yil 1-iyun kuni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy saylov komissiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olishni so‘rab murojaat qildilar va nomzodlarni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari taqdim etdilar.

Eslatib o‘tamiz, kecha 31-may kuni O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi tomonidan qonunchilikda belgilangan hujjatlar qabul qilib olingan edi.

Markaziy saylov komissiyasining ishchi guruhi hamda ekspert guruhlari qonunchilik talablaridan kelib chiqib, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan taqdim etilgan barcha hujjatlarni tekshirib chiqadi hamda taqdim etilgan hujjatlar, shu jumladan nomzodlarni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari qonunchilik talablariga muvofiq bo‘lsa, Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish haqida qaror qabul qiladi. 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur