26.10.2023

2623

msk_yangiliklari_in

2023-yil 25-oktabr kuni Batumi shahrida Gruziya Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tashkil etilgan har yili o‘tkaziladigan saylov organlarining navbatdagi 11 uchrashuvi o‘z ishini boshladi.

 

Uchrashuv doirasida tashkil qilingan “Saylovlarda AKT va AKT dezinformatsiyasi” mavzusidagi xalqaro konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari B. Kuchkarov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda.

 

Konferensiya Yevropa Kengashi va Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armasi (IFES) bilan hamkorlikda hamda USAID moliyaviy ko‘magida tashkil etilgan.

 

Xalqaro konferensiyada 26 ta mamlakatdan 100 nafardan ortiq saylov organi vakillari, shuningdek, Yevropa Kengashi, Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armasi, USAID, IDEA, NDI kabi xalqaro tashkilot vakillari ham ishtirok etmoqda.

 

Konferensiyaning ochilishida Gruziya Markaziy saylov komissiyasi raisi G. Kalandarashvili tabrik so‘zi bilan chiqdi va konferensiya mavzulari raqamli texnologiyalar va ularni saylov jarayonlarida qo‘llash jadal rivojlanayotgan davrda alohida ahamiyat kasb etishi hamda axborot makonining va ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri kuchayishi natijasida saylov jarayonida dezinformatsiya muammosi haqida ta’kidladi.

 

Konferensiyada saylov sohasida innovatsion texnologiyalarni o‘zlashtirish, saylovni tashkil etish va o‘tkazishda dezinformatsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘zaro fikr, bilim va tajriba almashish maqsadida yetakchi ekspertlar, saylov organlari va xalqaro tashkilotlar vakillari yig‘ildi.

 

Tadbirning birinchi kunida saylov jarayoniga raqamli texnologiyalarni tatbiq etishga bag‘ishlangan uchta sessiya bo‘lib o‘tdi.

 

Ishtirokchilar saylov jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq muammolarni hal etish kabi muhim masalalarni muhokama qildilar. So‘zga chiqqanlar axborot va raqamli texnologiyalarni saylov jarayonlariga joriy etish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar hamda saylovning shaffofligini ta’minlash va samaradorligini oshirishdagi inkor etib bo‘lmaydigan o‘rni borligini ta’kidladilar.

 

Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari B. Kuchkarov “O‘zbekistonda saylov jarayonida raqamli texnologiyalar” mavzusida taqdimot qildi.

 

Avvalo, O‘zbekiston Respublikasida raqamli transformatsiya bo‘yicha strategik hujjatlar haqida ma’lumot berildi. So‘ngra tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonning saylov jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish tajribasi, Saylov jarayonlarini boshqarish axborot tizimi (SJBAT) va Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati (SYER) faoliyati, saylovchilarni biometrik identifikatsiyalash hamda ovoz berish jarayonlarini videomonitoring qilish bo‘yicha tajriba loyihalari, shuningdek, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida saylov jarayonlarida raqamli texnologiyalarni kengroq tatbiq etish bo‘yicha istiqboldagi rejalari bilan tanishtirildi.

 

Konferensiya o‘z ishini davom ettirmoqda.

 

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur