Respublika trenerlari uchun saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari tashkil etildi

16.08.2024

954

msk_yangiliklari_in

Joriy yilning 12-14-avgust kunlari Markaziy saylov komissiyasi tashabbusi bilan “Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi” asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengash saylovlari bo‘yicha respublika trenerlari uchun saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir o‘quv-uslubiy mashg‘ulotlar tashkil etildi.

 

Uch kunlik o‘quv dasturiga muvofiq olib boriladigan treninglardan ko‘zlangan maqsad - Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarning tashkilotchilari, xususan tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolarining nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash uchun respublika trenerlarini tayyorlashdan iborat bo‘ldi.

 

 

O‘quv-amaliy mashg‘ulotlar avvalida, Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev hamda Davlat boshqaruv akademiyasi rektori Adham Bekmurodovlar ishtirok etib mazkur tadbirning mazmun-mohiyati va undan ko‘zlangan natijalar xususida nutq so‘zladi.

 

Markaziy saylov komissiyasining a’zolari, Kotibiyati xodimlari va Toshkent davlat yuridik universitetining professor-o‘qituvchilari tomonidan olib borilgan mashg‘ulotlarda Respublikaning yetakchi oliy ta’lim tashkilotlari professor-o‘qituvchilari orasidan shakllantirilgan jami 104 nafar respublika trenerlari qatnashdi.

 

 

Mashg‘ulotlar, aralash saylov tizimi va uning o‘ziga xos xususiyatlari, avvalgi saylovlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularning oldini olish bo‘yicha vazifalar, saylov komissiyalari tizimi va faoliyatining asosiy jihatlari, saylovda saylovchilarning ro‘yxati bilan ishlash, uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarni jihozlash, muddatidan oldin ovoz berishni, saylov kuni ovoz berishni tashkil etish, ovozlarni sanab chiqish hamda saylov natijalarini chiqarish kabi mavzularni qamrab olgan xolda tashkil etildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokampaniyasi mutaxassislari hamkorligida ishlab chiqilgan uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarni jihozlash, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, saylov kuni ovoz berishni tashkil etish, ovozlarni sanab chiqish hamda saylov natijalarini chiqarish kabi to‘rtta mavzudagi videoroliklar tinglovchilarning o‘tilgan mavzularni mukammal o‘zlashtirishlariga xizmat qildi.  

 

 

O‘quv mashg‘ulotlarining uchinchi kuni amaliy mashg‘ulotlarga bag‘ishlandi. Tinglovchilar guruhlarga bo‘lingan holda, namunaviy shaklda jihozlangan saylov uchastkasida bevosita ovoz berish jarayonlarini tashkil etish, o‘tkazish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarini amaliy jihatdan bajardilar. Bunda, tinglovchilarga uchastka saylov komissiyasi a’zosi, mahalliy va xalqaro kuzatuvchi, saylovchi, ommaviy axborot vositasi vakili kabi rollar bo‘lib berildi. Shu tariqa, tinglovchilar nazariy jihatdan o‘zlashtirgan bilimlarini, bevosita amaliy mashg‘ulotlarda mustahkamlashga erishdilar.

 

Ta’kidlash joiz, saylov komissiyalar a’zolari malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish maqsadida yuqori malakali ekspertlar tomonidan o‘quv rejalariga muvofiq ma’ruza matni, topshiriq savollari, test, taqdimot, infografika, video-darslar ko‘rinishidagi o‘quv-uslubiy materiallar tayyorlangan. O‘quv-amaliy mashg‘ulotlarning barcha bosqichlari ushbu o‘quv-uslubiy materiallardan foydalangan holda, interaktiv usullarda olib borildi.

 

           

 

O‘quvlar yakunida tinglovchilarning treningdan olgan bilim va ko‘nikmalari test orqali sinovdan o‘tkazildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur