Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

REFERENDUMGA TAYYORGARLIK KO‘RISH VA O‘TKAZISH BO‘YICHA REJALASHTIRILGAN VA BOSQICHMA-BOSQICH AMALGA OSHIRILADIGAN MASALALAR – DAVRA SUHBATI MARKAZIDA

17.04.2023

3208

msk_yangiliklari_in

17-aprel kuni Markaziy saylov komissiyasida “Konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati: Yangi O‘zbekiston – yangilangan Konstitutsiya” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasining xorijiy qatnashchilar delegatsiyasi ishtirokida “O‘zbekistonda konstitutsiyaviy referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari, referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari vakillari va davlat idoralarining boshqa vakillari ham ishtirok etgan tadbirdan ko‘zlangan maqsad Markaziy saylov komissiyasi tomonidan referendumni tashkil etish, referendum to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini va xalqaro ekspertlar ishtirokida amaliyotni takomillashtirish bo‘yicha keyingi chora-tadbirlarni belgilashga masʼul bo‘lgan boshqa davlat organlari va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni xalqaro ekspertlar hamjamiyatiga yetkazishdan iborat bo‘ldi.

Davra suhbati avvalida MSK raisi Zayniddin Nizamxodjayev tadbir ishtirokchilariga referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli va bosqichma-bosqich ishlar haqida atroflicha maʼlumot berdi.

Z.Nizamxodjayev amalga oshirilgan ishlar xronologiyasiga to‘xtalar ekan, parlament palatalarining birgalikdagi vakolatlaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasiga muvofiq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati o‘z yalpi majlislarida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar va Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkazish sanasini 2023-yil 30-aprelga belgilanganligini taʼkidlab o‘tdi.

Qayd etilganidek, “O‘zbekiston Respublikasi Referendumi to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga muvofiq, Oliy Majlis palatalari referendumga kiritilgan masala matnini maʼqullab, bo‘lajak referendum byulletenida “Siz “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunini qabul qilasizmi?” deb shakllantirishga qaror qildi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi referendumini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishlar Markaziy saylov komissiyasiga yuklanganini alohida taʼkidladi, davra suhbati ishtirokchilarini mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirib o‘tdi.

Shuningdek, davra suhbati ishtirokchilari muhokamasiga milliy maʼruzachilarning maʼruzalari taqdim etildi. “UZINFOCOM”  MCHJ bosh direktori o‘rinbosari A.Mansurov saylov jarayonida raqamli texnologiyalardan foydalanish, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish masalalari bo‘yicha, referendum o‘tkazish bo‘yicha 14-Toshkent shahar va 8-Sirdaryo okrug komissiyalari raislari A.Magrupov va P.Axmedjonovalar esa referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida so‘z yuritdi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari MSK tomonidan fuqarolarni, referendum ishtirokchilarini, ommaviy axborot vositalari orqali referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida, ovoz berish muddati va tartibi, referendumda ishtirok etish harakatlari, O‘zbekiston Respublikasining referendum to‘g‘risidagi qonun hujjatlari yuzasidan xabardor qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishtirib o‘tdi.

O‘z navbatida xorijlik ekspertlar ham aloqalarni yana-da mustahkamlash, saylov sohasidagi xalqaro, amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha o‘z fikr va tavsiyalarini bildirdilar. Muhokama davomida ular referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq ayrim masalalarni bevosita muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldilar.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur