MSK Raisi Namangan viloyatida nuroniylar, mahalla faollari va birinchi marta saylovda ishtirok etayotgan yoshlar bilan uchrashdi 

17.09.2024

578

msk_yangiliklari_in

Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev Namangan viloyati safari davomida  Davlatobod tumanidagi Madaniyat markazida nuroniylar, mahalla faollari hamda birinchi marta saylovda ishtirok etayotgan yoshlar bilan uchrashdi.

 

Uchrashuvda so‘z olgan Zayniddin Nizamxodjayev mamlakatimiz tarixida ilk bor saylov bilan bog‘liq barcha huquqiy me’yorlarni o‘z ichiga qamrab olgan yaxlit qonun hujjati – O‘zbekiston Respublikasining Saylov Kodeksi qabul qilingani, mazkur kodeksga ko‘ra joriy yil 27-oktyabrda bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis qo‘yi palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari saylovi umumiy, teng, to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali ochiq va oshkora o‘tkazilishini alohida e’tirof etdi.  

 

Bundan tashqari, uchrashuvda majoritar-proporsional saylov tizimining o‘ziga xos jihatlari, bir vaqtda ham majoritar ham proporsional saylov tizimini o‘zida jamlagan tizim esa - aralash saylov tizimi deb yuritilishi, aralash saylov tizimi jamiyatda saylovchilarning huquqiy ongini yuksaltirishi, ijtimoiy-siyosiy faolligini yanada oshirishi yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

 

                          

 

             

 

Ma’lumki, proporsional saylov tizimi – har bir partiya olgan ovozlar soniga mutanosib ravishda deputatlik o‘rinlarini taqsimlash yo‘li bilan belgilanadigan saylov tizimining bir turi. Majoritar tizim esa shundayki, unda saylovchilar tomonidan eng ko‘p ovoz olgan nomzodlar parlamentga saylanadi. 

 

MSK Raisi, o‘z navbatida, saylovlarda ilk marotaba ishtirok etayotgan yoshlarga e’tibor qaratib, ularning doimiy ravishda o‘zlarining siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirib borishlari, jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishlari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalardagi keng qamrovli islohotlarning samarasi va ta’sirchanligining oshishiga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi.

 

Uchrashuvda nuroniylar so‘z olib, siyosiy jarayonlar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlarga, xususan, parlamentni shakllantirishning yangi zamonaviy tizimi yo‘lga qo‘yilganiga ijobiy baho berdilar. 

 

Samimiy muloqot yakunida yoshlar ham MSK Raisiga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, savollarga atroflicha va to‘laqonli javob oldilar. Yoshlar saylovda faol qatnashishga hamda Vatanimiz kelajagi, xalqimiz farovon hayoti va ezgu maqsadlari ro‘yobi uchun ovoz berishga va’da berishdi. 

 

 

Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev namanganlik faol yoshlarning bir guruhiga badiiy kitoblar sovg‘a qildi.

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur