O‘zbekiston MSK Raisi Z. Nizamxodjayev xalqaro konferensiyada ma’ruza qildi

16.03.2024

2248

msk_yangiliklari_in

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha tashrif dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi MSK raisi Z. Nizamxodjayev boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning 15-16-mart kunlari Rossiya Federatsiyasi MSK tomonidan tashkil etilgan “Saylov suvereniteti va xalqaro standartlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.

 

Konferensiya quyidagi ikki sessiya: “Milliy saylov jarayonlaridagi zamonaviy bosimlar va xalqaro standartlar” va “Saylov jarayonini raqamlashtirish: maqbul chegaralar” mavzusida bo‘lib o‘tdi.

 

Ikkinchi sessiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z. Nizamxodjayev “O‘zbekistonda saylov jarayonida raqamli texnologiyalar” mavzusida ma’ruza qildi.

 

Ochilish va qutlov nutqi bilan tematik sessiyani Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi raisi E. Pamfilova va Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari N. Bulayevlar ochib berdi.

Konferensiya ishtirokchilari – Rossiya va 100 dan ortiq davlatlardan xalqaro kuzatuvchilar - saylov organlari vakillari va mutaxassis-ekspertlari saylov jarayonini raqamli o‘zgartirish sohasidagi raqamli serverlar, saylovchilar imzolarini elektron shaklda to‘plash va ulardan foydalanish, imzo varaqlarini tekshirish uchun neyrotarmoqlar texnologiyasi, masofaviy elektron ovoz berish, saylov uchastkalaridagi ovoz berish binolaridan videokuzatuv texnologiyasi va uchastka saylov komissiyalarining ovoz berish natijalari to‘g‘risidagi bayonnomalarini QR-kodlash, saylovoldi tashviqotini raqamlashtirish kabi muhim masalalarni muhokama qildilar. 

 

Xususan, Rossiya tomoni masofaviy elektron ovoz berish (MEOB)dan foydalanish amaliyotida to‘plangan tajriba bilan o‘rtoqlashdi. Taqdimot qilganlar ta’kidlaganidek, MEEB tartib-qoidalariga bo‘lgan talab nafaqat saylovchi uchun qulaylik, balki shaxsiy xavfsizlik va saylov o‘tkazishning texnologik jarayonini tashkil etish sohasidagi ko‘plab dolzarb muammolarni hal etish imkoniyatini yaratib beradi.

 

Shu bilan birga, bugungi kunda Rossiya Federatsiyasida raqamli transformatsiya nafaqat ovoz berish, balki saylov jarayonlarini amalga oshirish va kerakli ma’lumotlarni olish imkonini beruvchi quyidagi raqamli xizmatlarni taklif qiladi: yashash joyida ovoz berish uchun saylovchilar ro‘yxatiga kiritish, saylov uchastkasi ma’lumotlari, mazkur saylovlar, nomzodlar, saylovchilar ro‘yxatida saylovchi mavjudligini tekshirish va hokazolar. Bunday xizmatlar bugungi kunda fuqarolarga o‘z saylov huquqlarini qulay va shaxsiy resurslardan kam sarf qilish evaziga amalga oshirish imkonini taqdim qiladi.

 

Saylovchilar imzosini elektron shaklda to‘plash imkoniyati ham raqamlashtirish borasidagi jiddiy qadam sifatida qayd etildi. “Gosuslugi” portali orqali elektron imzo to‘plash tartibi dastlab bir qator hududlarda sinovdan o‘tkazilgan va undan foydalanish amaliyoti ijobiy baholangan.

O‘zbekiston MSK raisi o‘z nutqida mamlakatimizda saylov jarayonlarida raqamli texnologiyalardan foydalanish haqida batafsil axborot berib o‘tdi.

 

U dunyoning ko‘plab mamlakatlari singari O‘zbekistonda ham ijtimoiy hayotning turli soha va jabhalarida raqamli transformatsiya ilgari surilayotganini alohida ta’kidladi. Mamlakatda davlat xizmatlarini ko‘rsatish samaradorligi va shaffofligini oshirish bo‘yicha bir qancha tashabbus va loyihalar amalga oshirilgan.

 

O‘zbekistonda raqamlashtirish borasidagi sa’y-harakatlarning muhim jihatlaridan biri bu elektron hukumat tizimini joriy etilishidir. Uning asosiy maqsadi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun qulay va tezkor onlayn xizmatlarni taklif etish, shuningdek, barcha davlat organlari faoliyatini raqamlashtirishdan iboratdir.

Z. Nizamxodjayev “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish va davlat boshqaruviga raqamli texnologiyalarni joriy etish ham saylov jarayonlarini raqamlashtirishga bevosita xizmat qilganini alohida ta’kidladi.

 

U saylov jarayonining barcha bosqichlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan turli modullarni o‘zida mujassamlashtirgan Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etish masalalariga to‘xtalar ekan, shu bilan birga saylov jarayonlarining shaffofligi va halolligini ta’minlashga qaratilgan yana bir raqamli vositalardan biri – Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati to‘g‘risida ham batafsil axborot berdi. MSK raisi saylovchilar uchun onlayn xizmatlar joriy etilgani, bu orqali fuqarolar saylovchilar ro‘yxatida mavjudligini tekshirishi, saylov uchastkasini aniqlashi yoki uni o‘zgartirishi, xorijdagi diplomatik vakolatxonalarda tashkil etilgan saylov uchastkalarida onlayn ro‘yxatdan o‘tishi mumkinligi to‘g‘risida gapirib o‘tdi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur