Hududiy saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishga qaratilgan o‘quvlar tashkil etildi

19.07.2024

1295

msk_yangiliklari_in

2023-yil 18-dekabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni bilan saylov komissiyalari tizimi takomillashtirilib, Markaziy saylov komissiyasi bevosita boshchilik qiladigan markazlashgan saylov organlarining vertikal tizimi tuzilishi belgilandi.

 

Saylov komissiyalari tizimida mavjud bo‘lgan xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar saylov komissiyalarini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarini, O‘zbekiston Respublikasi Referendumini o‘tkazish bo‘yicha okrug komissiyalarini hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarini tuzish amaliyoti bekor qilinib, viloyatlar va Toshkent shahrida yuqorida sanab o‘tilgan barcha saylovlar va referendumni tashkil etish va o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan hududiy saylov komissiyalarini tuzish tartibi belgilandi.

 

 

Shu munosabat bilan, hududiy saylov komissiyalarining vakolat va funksiyalari hamda mas’uliyat doirasi jiddiy tarzda kengaytirildi. Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlariga muvofiq viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyalari tuzildi hamda Hududiy saylov komissiyasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

 

 

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv dasturiga muvofiq 2024-yil 17-18-iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyalari raisi, rais o‘rinbosari va kotiblarining saylov qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

 

 

Markaziy saylov komissiyasi a’zolari va Davlat boshqaruv akademiyasi mutaxassislari hamkorligida olib borilgan mashg‘ulotlarda saylov komissiyalari tizimi va faoliyatining asosiy jihatlari, aralash saylov tizimi va uning o‘ziga xos xususiyatlari, saylovchilar ro‘yxatini shakllantirish va ushbu ro‘yxatlar bilan ishlashda saylov komissiyalari oldida turgan vazifalar, saylov komissiyalari binolari va ovoz berish xonalarini jihozlashga qo‘yilgan talablar kabi o‘ndan ortiq dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglandi, hududiy saylov komissiyalarining amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash maqsadida, milliy saylov amaliyotining yutuqlari, xorijiy davlatlarning saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish amaliyoti bo‘yicha ilg‘or tajribalarini o‘zida uyg‘unlashtirgan mavzularda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

 

 

O‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari yakunida tinglovchilar egallagan bilimlari test savol-javoblari orqali sinovdan o‘tkazildi. Ishtirokchilar bildirgan taklif va tavsiyalarni inobatga olgan holda, navbatdagi bosqichlarda hududlarda tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyalari uchun ham shu kabi o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarini o‘tkazish rejalashtirildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur