Saylovlarni o‘tkazishda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi

15.10.2024

2567

msk_yangiliklari_in

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini o‘tkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash muhim masalalardan biri hisoblanadi. Saylov kuni tinch va barqaror bo‘lishi saylovchilarning ovoz berishini erkin, ixtiyoriy va xalqaro standartlar asosida amalga oshirish imkonini beradi.

 

Shuni inobatga olgan holda, Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida saylovlarni o‘tkazishda jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlash, saylov okruglari va uchastkalari hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, shuningdek saylov komissiyalari joylashgan binolarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari va boshqa tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.

 

 

Shu munosabat bilan, majlisda Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Energetika vazirligi rahbarlari tomonidan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish davrida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborotlar taqdim etildi.

 

Xususan, xavfsizlik va tartibni saqlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan saylov uchastkalari binolari atrofiga qo‘shimcha 332 ta videokuzatuv kameralari, 528 ta binoga yoritish moslamalari o‘rnatildi.

 

 

Shuningdek, barcha binolarga olib boradigan yo‘llar ko‘rikdan o‘tkazilib, qo‘shimcha ravishda yo‘l belgilar, yo‘l yotiq chiziqlari, svetoforlar bilan ta’minlangan hamda 270 ta bino atrofida avtoturargohlar tashkil qilindi.

 

 

Bundan tashqari, majlisda barcha saylov uchastkalarining yong‘inga qarshi holati tekshiruvdan o‘tkazilib, 450 tasida profilaktik ko‘rik uyushtirilganligi hamda qo‘shimcha ravishda 664 ta bino yong‘inni o‘chirish birlamchi vositalari bilan ta’minlanganligi xususida ma’lumot berildi.

 

 

Shu bilan bir qatorda, Energetika vazirligi tomonidan saylov kuni komissiyalarning binolarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash choralari ko‘rilganligi ma’lum qilindi.

 

 

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bo‘lajak saylovlarni o‘tkazish davrida jamoat tartibini va xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

 

 

Shu bilan birga, kun tartibiga muvofiq xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning 108 nafar vakillari xalqaro kuzatuvchi sifatida akkreditatsiyadan o‘tkazildi hamda boshqa masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur