Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha murojaatlarni taqdim etish muddati o‘z nihoyasiga yetdi

19.10.2024

1865

msk_yangiliklari_in

Saylov qonunchiligiga ko‘ra, OAV vakillari saylov kampaniyasi davrida xolis axborotlarni keng, tezkor va erkin tarqatish, shuningdek o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tashkil etishi uchun akkreditatsiya qilinadi.

 

Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 5-oktyabrdagi 952-son qarori bilan tasdiqlangan Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 2-bandiga muvofiq, OAV vakillari saylovga kamida o‘n kun qolguniga qadar akkreditatsiyadan o‘tkazish yuzasidan murojaat qilishlari mumkin.

 

Joriy yil Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov jarayonlarini boshqarishni avtomatlashtirish, ortiqcha vaqt sarfi hamda qog‘ozbozlikni qisqartirish maqsadida akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayonlari “E-saylov” axborot tizimi orqali amalga oshirildi.

 

 

Shundan kelib chiqib, OAV vakillari saylov jarayonlarining yoritib borish maqsadida o‘z vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga “E-saylov” axborot tizimi orqali murojaat yuborishdi. Akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizalar 16-oktyabrga qadar “E-saylov” axborot tizimi orqali qabul qilindi.

 

Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

 

Majlisda AQSH, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Janubiy Koreya, Italiya, Ozarbayjon, Rossiya, Turkiya, Xitoy kabi 37 ta xorijiy davlatlardagi 82 ta OAVlarining 97 nafar vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

 

Shuningdek, majlisda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning 325 nafar vakillari, jumladan YEXHT DIIHB Missiyasining 236 nafar qisqa muddatli kuzatuvchilari, boshqa xalqaro tashkilotlarning 13 nafar kuzatuvchilari, 25 ta xorijiy davlatlarning 76 nafar kuzatuvchilari akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur

  • MASHARIPOV JAVLON IBRAGIMOVICH

    Номзодлар рзйхатини кўрсатинг барчасини