Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlari aralash saylov tizimi asosida o‘tkaziladi

19.10.2023

1647

msk_yangiliklari_in

2023-yil 19-oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

 

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, olimlar, ekspertlar, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari hamda OAV xodimlari ishtirok etdilar.

 

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilish maqsadida parlament hamda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish, saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilib, birinchi o‘qishda qabul qilingan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan Saylov kodeksi hamda 7 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Saylovlarning majoritar va proporsional tizimini nazarda tutuvchi qoidalar Saylov kodeksiga kiritilmoqda.

 

Jumladan, saylov okruglari yetmish beshta hududiy bir mandatli hamda yagona saylov okrugiga bo‘linmoqda. Bunda partiya ro‘yxati asosida Qonunchilik palatasiga saylovni o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasining butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanmoqda. Ya’ni, Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati amaldagidek majoritar tizim asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari esa partiya ro‘yxati bo‘yicha yangi taklif etilayotgan proporsional tizim asosida yagona saylov okrugidan saylanishi ko‘zda tutilmoqda.

 

Shuningdek, partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda kamida har uchta nomzodning bir nafari ayol kishi bo‘lishi belgilanmoqda. Yagona saylov okrugi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini olgan partiya belgilangan tartibda deputatlik o‘rinlariga ega bo‘lishi o‘rnatilmoqda. Agar hech qaysi partiya kamida yetti foiz ovozni to‘plamagan bo‘lsa, saylov o‘tmagan, deb topilishi nazarda tutilmoqda.

— Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan saylov va referendum o‘tkazish tartibini takomillashtirishga qaratilgan normalar belgilanmoqda, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muhammadjon Valiyev. — Xususan, bir mandatli saylov okruglarida boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovoz olgan deputatlikka nomzod saylangan deb hisoblanishi nazarda tutilmoqda. Endilikda, mutlaq ko‘pchilik emas, balki nisbiy ko‘pchilik ovozi bilan deputatlar saylanadi.

 

— Bugungi davra suhbati juda mazmunli, natijador bo‘ldi. Chunki Konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi har bir normani olimlar, ekspertlar ishtirokida atroflicha muhokama qildik, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilmurod Ismoilov. — E’tiborlisi, qonun loyihasini takomillashtirishga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berildi. Mazkur takliflar asosida qonun loyihasidagi normalarni maromiga yetkazib, yanada takomillashtiramiz.

 

Kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar saylov va referendum to‘g‘risidagi qonunchilikni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtiradi, parlamentni shakllantirishning yangi zamonaviy tizimini yo‘lga qo‘yadi, ushbu jarayonda siyosiy partiyalarning ishtiroki va rolini yanada oshiradi.

 

Davra suhbatida Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomiliga yetkazishga qaratilgan takliflar ishlab chiqildi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur