O‘zbekiston delegatsiyasining xalqaro kuzatuvdagi ishtiroki to‘g‘risida

11.06.2026

137

msk_yangiliklari_in

Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z. Nizamxodjayev boshchiligida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi 2026-yil 7-iyun kuni bo‘lib o‘tgan Armaniston Respublikasi Milliy majlisi (parlamenti) saylovlari xalqaro kuzatuvida ishtirok etdi.

 

Parlament saylovlari bo‘yicha xalqaro kuzatuv dasturida jami 13 ta fuqarolik kuzatuvchilari guruhi, jumladan, ularning tarkibida 2 672 nafar fuqarolik kuzatuvchilari hamda 8 ta xalqaro tashkilot vakillaridan iborat 647 nafar xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etdi. Ular orasida YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB), Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) missiyasi, MDH Parlamentlararo Assambleyasining monitoring guruhi, YXHT Parlament Assambleyasi, Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasi (PACE), Yevropa parlamenti delegatsiyalari, Xalqaro Respublika Instituti (IRI) hamda Fransuzzabon mamlakatlarning xalqaro tashkiloti (OIF) kuzatuvchilari ishtirok etdi.

 

Saylovlarga tayyorgarlik tadbirlari va bo‘lajak saylov jarayonining asosiy xususiyatlariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.

 

                           

 

Delegatsiya vakillari saylovlarga tayyorgarlikning bir qator ijobiy jihatlarini qayd etishdi. Jumladan, asosiy maqsadi xalq hokimiyatini erkin, adolatli, shaffof va xalqaro standartlarga mos saylovlar orqali amalga oshirishni ta’minlashdan iborat bo‘lgan Markaziy saylov komissiyasining 2020-2028-yillarga mo‘ljallangan Rivojlanish strategiyasi qabul qilingani; barcha manfaatdor tomonlarning uzluksiz qayta tayyorlanishi; saylovchilarning 99 foizini qamrab olgan saylov uchastkalaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatish tizimi joriy etilgani; saylov tizimida shaffof va inklyuziv islohotlarni amalga oshirish maqsadida xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani; shuningdek, saylovlarda xavflarni boshqarishning ilg‘or metodologiyasi qo‘llanilayotgani shular jumlasidandir.

 

                         

 

Ovoz berish kuni delegatsiya a’zolari Yerevan shahri va uning atrofidagi hududlarda, shuningdek YXHT DIIHB missiyasi doirasida Gyumri va Ijevan shaharlarida saylov uchastkalarining ochilishi, kun davomida ovoz berish jarayoni hamda ovozlarni sanab chiqish jarayonlarini kuzatdilar. Umumiy miqdorda 30 dan ortiq saylov uchastkalariga tashrif buyurildi.

 

Ovoz berish jarayoni monitoringi davomida delegatsiya a’zolari uni tashkil etishning bir qator ijobiy jihatlarini qayd etdilar. Xususan, saylov uchastkalarida o‘rnatilgan videokuzatuv kameralari hamda ochiq to‘g‘ridan to‘g‘ri efir tizimi tufayli ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlari to‘liq kuzatib borildi. Saylov uchastkalarida saylovchilarni biometrik identifikatsiya qilish qurilmalaridan foydalanilib, bu boshqa shaxs o‘rniga ovoz berish xavfini sezilarli darajada kamaytiradi hamda “bir saylovchi – bir ovoz” tamoyilini ta’minlashga bevosita xizmat qildi. Uchastka saylov komissiyasi a’zolari o‘rtasida vazifalarning qat’iy taqsimlangani ish jarayonini samarali tashkil etish, vazifalar takrorlanishining oldini olish va komissiya faoliyati samaradorligini oshirish imkonini taqdim etdi.

 

 

Ovoz berish kuni davomida delegatsiya vakillari saylovchilar ishtirokining oraliq ko‘rsatkichlarini e’lon qilishga bag‘ishlangan tadbirlarda hamda Armaniston Markaziy saylov komissiyasi Raisi tomonidan OAV vakillari uchun o‘tkazilgan brifinglarda ishtirok etdilar.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur