OAV vakillari uchun yangi saylov qonunchiligi hamda “E-Saylov” axborot tizimini tushuntirishga qaratilgan seminar-trening tashkil etildi

13.09.2024

847

msk_yangiliklari_in

Joriy yilning 13 sentyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi tashabbusi bilan “Yangilangan saylov qonunchiligiga ko‘ra saylovlarni tashkil etishning o‘ziga xos jihatlari hamda OAV vakillarining ishtiroki masalalari” mavzusida seminar-treninglar tashkil etildi. Unda respublikamizda faoliyat olib boruvchi ommaviy axborot vositalarining 100ga yaqin vakillari ishtirok etdi.

 

O‘quv-amaliy mashg‘ulotlardan ko‘zlangan maqsad saylov jarayonlarini yoritishda ishtirok etuvchi OAV vakillariga yangilangan saylov qonunchiligining muhim jihatlarini tushuntirish, shuningdek, saylov jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan “E-Saylov” axborot tizimidan foydalanish tartib-tamoyillari bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.

 

           

 

Mashg‘ulotlar davomida yangilangan saylov qonunchiligiga ko‘ra, saylovlarni tashkil etishning o‘ziga xos jihatlari simulyatsion saylov uchastkasida amaliy ko‘nikmalar misolida tushuntirib o‘tildi. Shuningdek, nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi, OAV vakillarining huquq va majburiyatlariga doir axborotlar berildi.

 

 

Kuning ikkinchi yarmida O‘zbekistonda ilk bor saylovlar sohasida yangi joriy etilgan “E-Saylov” axborot tizimining imkoniyatlari va undan foydalanishga doir ma’lumotlar va muhim tavsiyalar berib o‘tildi.

 

Ta’kidlanganidek, “E-Saylov” axborot tizimi saylov jarayoni ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlarni to‘liq raqamlashtirish, saylov tartibotlaridagi byurokratiya, ortiqcha vaqt sarfi va hujjatlar harakati qisqartirish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, saylovlarga oid ma’lumotlarning yanada ochiqligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi.

 

 

                 

 

“E-Saylov” axborot tizimi orqali saylov jarayonlariga oid deyarli 60 turdagi munosabatlar to‘liq raqamlashtirildi. Ushbu jarayonlardan biri bu – OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish hisoblanadi.

 

Ta’kidlash kerakki, saylovlarda OAV vakillarini akkreditatsiya qilish masalasi ilk bor elektron shaklda amalga oshiriladi. Shu munosabat bilan “E-Saylov” axborot tizimidagi akkreditatsiyaga oid imkoniyatlari OAV vakillariga batafsil onlayn tarzda tushuntirib berildi.

 

“E-Saylov” axborot tizimi orqali joriy etilgan akkreditatsiya qilish tartibi saylovlarning yanada ochiqligini va unda OAV ishtirokini qo‘llab-quvvatlash maqsadida sezilarli darajada soddalashtirildi. Xususan, akkreditatsiya uchun ariza berishda quyidagi 3 turdagi hujjatlarni taqdim etish talab etilmasligi seminarda qayd etildi:

 

– xodimning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;

 

– OAVning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxasi;

 

– xodimning elektron fotosurati.

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan OAV vakilini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan so‘ng, OAVning har bir vakillarining mandatlari tizim orqali elektron tarzda shakllantiriladi.

 

Shu bilan birga, seminarda “E-Saylov” axborot tizimining yana bir muhim jihati – OAV vakillariga saylov kampaniyasi davrida saylovga oid zarur axborotlar haqida SMS-xabarnomalar yuborib turilishi ma’lum qilindi.

 

Munozara tarzida bo‘lib o‘tgan seminar-treninglarda ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga Markaziy saylov komissiyasi ekspertlaridan batafsil ma’lumotlar olishdi.

 

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur