2026-yil 26-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida MSK Raisi Z. Nizamxodjayevning Turkiya Respublikasi Oliy saylov kengashi Raisi S. Mutta boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida Z. Nizamxodjayev mehmonlarni qutlab, Turkiya delegatsiyasining tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaqin do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarining yorqin ifodasi ekanligini, shuningdek, ikki mamlakat saylov organlari o‘rtasidagi aloqalarni izchil rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
MSK Raisi S. Muttani lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, uning rahbarligida saylovlarni tashkil etish sohasidagi konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlik yangi sur’at kasb etishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuv davomida tomonlar saylov sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilib, uni yanada chuqurlashtirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, muntazam kasbiy muloqot va amaliy aloqalarni yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi.

Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar markaziy saylov organlarining Maslahat platformasi doirasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Mazkur platforma saylovlarni tashkil etish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, saylov jarayonining ochiqligi va unga bo‘lgan ishonchni ta’minlash masalalarida bilim va tajriba almashish uchun keng imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi.
Shuningdek, tomonlar saylov kampaniyalari davrida yuzaga kelayotgan zamonaviy chaqiriqlarni birgalikda muhokama qilish, jumladan, sun’iy intellekt texnologiyalari va dipfeyklardan noqonuniy foydalanishning oldini olish masalalarining dolzarbligini ta’kidladilar.
O‘z navbatida, Oliy saylov kengashi vakillari samimiy qabul va mazmunli fikr almashuv uchun minnatdorchilik bildirib, saylov organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda birgalikdagi ishlarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini aytib o‘tdilar.
Uchrashuv davomida Markaziy saylov komissiyasi va Oliy saylov kengashi o‘rtasida ikki tomonlama aloqalarni tizimli va uzoq muddatli asosda rivojlantirish maqsadida hamkorlik memorandumini imzolash to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari idoralararo sheriklik uchun mustahkam institutsional asos yaratish, delegatsiyalarning o‘zaro tashriflarini tashkil etish va saylov jarayonlarini kuzatish, ekspertlar o‘rtasida tajriba almashish, shuningdek, ikki tomonlama tadbirlar, maslahatlashuvlar va forumlar o‘tkazishni nazarda tutadi.

Uchrashuv konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tdi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati