O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI REFERENDUMIDA OVOZ BERISH BYULLETENINING SHAKLI TASDIQLANDI

05.04.2023

2858

msk_yangiliklari_in

Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 5-aprel kuni bo‘lib o‘tgan majlisida O‘zbekiston Respublikasining referendumida ovoz berish byulletenining shakli va tavsifi tasdiqlandi.

Referendumda ovoz berish byulleteniga “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2023-yil 10-martdagi hamda Oliy Majlis Senatining 14-martdagi qarorlarida ko‘rsatilgan masalaning matni kiritildi va ovoz beruvchi xohish-irodasining variantlari “ha” yoki “yo‘q” deb ko‘rsatildi. Shuningdek, ovoz berish byulletenida uni to‘ldirish tartibi to‘g‘risida ham tushuntirish beriladi.

Ovoz berish byulletenlarini ko‘zi ojiz ovoz beruvchilar tomonidan to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida trafaretlar ham tayyorlanadi.

Ovoz berish byulletenlari referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotga muvofiq referendum okrugi bo‘yicha ovoz beruvchilar sonini, shu jumladan referendum okrugi hududida istiqomat qilayotgan ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tillarda ovoz berish byulletenlarini tayyorlash bo‘yicha ehtiyojni inobatga olgan holda chop etiladi.

Komissiya tomonidan ovoz berish byulletenlarini referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalariga belgilangan muddatlarda yetkazib berish choralari belgilandi.

Majlisda shuningdek, kun tartibiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining referendumida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni hamda ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish, referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan ayrim okrug komissiyalari raislarining axborotlariga oid masalalar ko‘rib chiqildi. 

Jumladan, MSK qarori bilan Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi, Gruziya va Ozarbayjon davlatlari Markaziy saylov komissiyasi hamda xorijiy mamlakatlardan jami 26 nafar kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlarga ko‘ra, 14 ta mahalliy ommaviy axborot vositasining jami 62 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Endilikda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillarining umumiy soni 346 nafarni tashkil etmoqda.

Majlis davomida referendum o‘tkazuvchi 6-Namangan8-Sirdaryo12-Xorazm okrug komissiyalari raislarining referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlari xususida axborotlari tinglandi.

Majlisda kun tartibiga kiritilgan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur