O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenining shakli tasdiqlandi

09.06.2023

3300

msk_yangiliklari_in

Bugun, 9-iyun kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis kun tartibidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenining shaklimatni va tavsifini tasdiqlash, ayrim saylov uchastkalarida saylov jarayonini video-translyatsiya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilash, saylovchilarni biometrik identifikatsiya qilish tizimini tajriba-sinov tariqasida joriy etish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar, Prezident saylovida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan qatnashadigan kuzatuvchilar hamda mahalliy ommaviy axborot vositalarini akkreditatsiya qilish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan ayrim okrug saylov komissiyalari raislarining axborotlariga doir masalalar ko‘rib chiqildi.

Majlisda, avvalambor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenining shaklimatni va tavsifi tasdiqlandi. Belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning familiyasi, ismi va otasining ismi saylov byulleteniga, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish natijalari hamda saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalarga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi tartibida kiritiladi.

Shuningdek, majlisda ayrim saylov uchastkalarida saylov jarayonini video-translyatsiya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, saylov kuni ovoz berish jarayonini real vaqt rejimida (onlayn) video-translyatsiya qilish maqsadida respublikaning barcha tuman va shaharlari hududida joylashgan ikkitagacha saylov uchastkalarida videokamera va boshqa zarur qurilmalar o‘rnatish yuzasidan aniq choralar belgilab berildi va tegishli qaror qabul qilindi.

Taʼkidlash joiz, biometrik identifikatsiya qilish – saylovchining shaxsini hamda mazkur saylov uchastkasining saylovchilari ro‘yxatida mavjud yoki mavjud emasligini maxsus qurilmalar orqali Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan foydalangan holda tekshirish va tasdiqlash jarayoni tushuniladi.

Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ovoz berish jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish maqsadida saylovni o‘tkazuvchi 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasining tavsiyasiga asosan Toshkent shahrining tumanlari hududida joylashgan ayrim saylov uchastkalarida saylov kuni saylovchilarni biometrik identifikatsiya qilish tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etilmoqda. Majlisda tajriba-sinov tariqasida ayrim saylov uchastkalarida saylovchilarni biometrik identifikatsiya qilish tartibi tasdiqlandi va qaror qabul qilindi.

Majlisda Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish davrida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi axborot tinglandi va Markaziy saylov komissiyasi rahbariyati va aʼzolari tomonidan muhokama etildi.

Bundan tashqari, muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotdan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risida MSKning qarori bilan YXHT DIIHBMDH kabi kuzatuvchi missiyalarning 43 nafar vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Shuningdek, mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi. Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar asosida 25 ta ommaviy axborot vositasining 124 nafar vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Hozirgi kunga qadar akkreditatsiyadan o‘tgan OAV vakillarining soni 353 nafarni tashkil etmoqda.

Kun tartibiga muvofiq, majlis davomida muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan 2-Andijon3-Buxoro hamda 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi raislarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlari xususida axborotlari tinglandi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur