O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASIDA QATOR UCHRASHUVLAR BO‘LIB O‘TDI

29.04.2023

2664

msk_yangiliklari_in

Bugun, 29-aprel kuni Markaziy saylov komissiyasida O‘zbekiston Respublikasining referendumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarini kuzatib borish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurgan MDH Parlamentlararo Assambleyasi kuzatuvchilar guruhi koordinatori Sergey Rachkov, Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi raisi Nurjan Shayldabekova, Turkmaniston Markaziy saylov komissiyasi Kotibi Annadurdiyev Amangeldi, Turkiya Oliy saylov kengashi aʼzosi Urker Ali, “Diplomatic World Institute” tahlil markazi loyihasi menejeri Alberto Turkstra boshchiligidagi delegatsiyalar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvlar chog‘ida referendum jarayonlari xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirilganligi, MSK tomonidan tasdiqlangan Kalendar reja va milliy qonunchilik asosida referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tizimli ravishda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi.

O‘zaro suhbat chog‘ida MDH Parlamentlararo Assambleyasi kuzatuvchilar guruhi koordinatori Sergey Rachkov “Markaziy saylov komissiyasi tomonidan iliq kutib olganliklari uchun cheksiz minnatdorchilik bildiramiz. Taʼkidlashim joiz, MSKning referendumga tashkiliy jihatdan tayyorgarligi referendumning yuqori saviyada o‘tishida muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga referendumni xalqaro andozalar asosida o‘tkazishda muvaffaqiyat tilab qolamiz.” – deya taʼkidlab o‘tdi.

Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi Raisi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida Nurjan Shayldabekova “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan saylovlar sohasida uzoq yillardan buyon hamkorlik qilib kelamiz va saylovlarda kuzatuvchi missiyalar qatorida qatnashib kelmoqdamiz. Bu galgi tashrifimiz esa aynan referendum jarayonlarini kuzatishga qaratilganligidan mamnunmiz. Referendum tashkilotchilari va ishtirokchilariga ushbu jarayonlarni yuqori saviyada tashkil etishlarida zafar tilaymiz.” – deya qayd etdi.

Uchrashuvlar davomida referendum arafasida xalqaro kuzatuvchilar referendum o‘tkazish bo‘yicha komissiyalarda bo‘lib, ularning tegishli darajada tayyorligiga guvoh bo‘lganliklarini qayd etishdi. Shuningdek, referendumga doir axborotlar bilan taʼminlash yaxshi tashkil etilganini, referendum jarayonida yangi saylov texnologiyalari sinovdan o‘tkazish holatlarini alohida eʼtirof etishdi.

Taʼkidlash joiz, kuzatuvchilar missiyalari 30-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini kuzatib boradi. Missiyalar O‘zbekistonga tashrifi mobaynida respublikamizning bir qator referendum uchastkalarida bo‘lib, kuzatuvlar borasida tegishli xulosalari va tavsiyalarini berishni rejalashtirgan.

Markaziy saylov komissiyasida

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur