2025-yil 28-sentabr kuni Moldova Respublikasida navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Moldova Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining taklifiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B.Kuchkarov boshchiligidagi komissiya delegatsiyasi saylovlarni xalqaro kuzatuvida ishtirok etdi.
Saylovlarning xalqaro kuzatuvida 58 ta davlatdan 912 nafar kuzatuvchi, shu jumladan, 15 ta mamlakatning saylov organlari vakillari, YEXHT DIIHB, YEXHT Parlament assambleyasi, Yevropa parlamenti va Yevropa Kengashi Parlament assambleyasi missiyalari kuzatuvchilari ishtirok etdilar.
Moldova parlamenti oliy vakillik va qonun chiqaruvchi organ hisoblanib, to‘rt yil muddatga umumiy, teng, to‘g‘ridan to‘g‘ri, yashirin va erkin ovoz berish asosida saylanadigan 101 deputatdan iborat. Parlament saylovlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi Saylov kodeksi, tegishli qonun hujjatlari va MSK nizomlari bilan tartibga solinadi. Ushbu hujjatlar nomzodlarni ro‘yxatga olish, saylov kampaniyasini o‘tkazish, ovoz berish jarayonini tashkil qilish va yakunlarini chiqarish tartibini belgilaydi. 2023-yil 1-yanvardan kuchga kirgan yangi Saylov kodeksi, siyosiy partiyalar va saylov kampaniyalarini moliyalashtirish ustidan nazorat va qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash sohasida MSK vakolatlarini sezilarli darajada kengaytirdi.
Joriy yil 27-sentabr kuni xalqaro kuzatuvchilar uchun brifing tashkil etildi. Unda ishtirokchilar saylovlarga tayyorgarlik va ularni o‘tkazishning asosiy bosqichlari bilan tanishtirildi.
Ta’kidlanishicha, parlament saylovlari yagona umummilliy okrugda proporsional tizim asosida o‘tkaziladi. Mandatlar taqsimotida ishtirok etish uchun saylovda minimal vakillik talablari belgilangan bshlib, bular siyosiy partiyalar uchun 5 foiz, siyosiy bloklar uchun 7 foiz va mustaqil nomzodlar uchun 2 foizni tashkil etadi. Saylovlarni bo‘lib o‘tgan deb topish uchun ro‘yxatga kiritilgan saylovchilarning kamida uchdan biri ovoz berishda ishtirok etishi talab etiladi.
Parlament saylovlarida ilk bor 10 ta xorijiy davlatda istiqomat qilayotgan Moldova fuqarolari uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish asosida pochta orqali ovoz berish amaliyoti joriy etildi.
Moldova MSKsi jami 23 nafar saylov raqobatchilarini ro‘yxatdan o‘tkazdi: 15 ta siyosiy partiya, to‘rtta saylov bloki va to‘rt nafar mustaqil nomzod.
Saylovlarni o‘tkazish uchun jami 2 274 ta saylov uchastkasi tashkil etildi, shundan 1 973 tasi mamlakat hududida va 301 tasi xorijda.
Saylovchilar ro‘yxatiga 2 751 105 nafar saylov huquqiga ega Moldova fuqarolari kiritildi, ularning 52,21 foizi ovoz berishda ishtirok etdi.
28-sentabr, saylov kuni O‘zbekiston MSK raisi o‘rinbosari B.Kuchkarov va komissiya a’zosi X.Paluaniyazov Kishinyov shahri hamda Strasheni tumanidagi bir qator saylov uchastkalarida saylov uchastkalarining ochilishi, ovoz berish, ovoz berishni yakunlash va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarini kuzatdilar. Shuningdek, delegatsiyaning Strasheni saylov okrugi saylov kengashi raisi va a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ovoz berish soat 7:00 dan 21:00 gacha davom etdi.
29-sentabr kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Moldova MSKsi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi. Unda parlament saylovlarining dastlabki natijalari e’lon qilinib, ularga ko‘ra Moldova parlamentiga uch siyosiy partiya va ikki saylov bloki o‘tishi mumkin.
Tashrif doirasida O‘zbekiston MSK delegatsiyasi Moldova MSK rahbariyati va boshqa davlatlar saylov organlari vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda ikki tomonlama hamkorlik va tajriba almashish masalalari muhokama etildi.