Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi Osiyo Saylov Organlari Assotsiatsiyasi Ijroiya kengashi yigʻilishida ishtirok etmoqda

24.01.2024

3243

msk_yangiliklari_in

Markaziy saylov komissiyasi raisi oʻrinbosari B. Kuchkarov boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi joriy yilning 24-yanvar kuni Nyu-Dehli shahrida Hindiston saylov komissiyasi raisligida tashkil etilgan Osiyo Saylov Organlari Assotsiatsiyasi (OSOA) Ijroiya kengashining yigʻilishida ishtirok etdi.

 

Ijroiya kengashi OSOAning boshqaruv organi boʻlib, u tashkilotning Bosh Assambleyasi tomonidan ikki yil muddatga saylanadigan beshta aʼzodan iborat. Hozirda Oʻzbekiston bilan bir qatorda Rossiya, Shri-Lanka, Maldiv orollari va Filippin mamlakatlari saylov organlari Ijroiya kengashi aʼzolari hisoblanadi.

 

Ijroiya kengashi Assotsiatsiya dasturlari va loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirish, muvofiqlashtirish va monitoring qilish uchun javobgardir.

 

Assotsiatsiya Ijroiya kengashi yigʻilishi kun tartibiga OSOA faoliyati bilan bogʻliq bir qator quyidagi muhim tashkiliy masalalar kiritildi: moliyaviy hamda tashkilot Kotibiyati faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlar, Bosh Assambleyaning qarorlarini bajarish boʻyicha chora-tadbirlar va h.k.

 

OSOA Bosh Assambleyasini joriy yilning sentyabr oyida chaqirish toʻgʻrisida, shuningdek, Bosh Assambleya majlislari oraligʻida koʻrib chiqilishi kerak boʻlgan boshqa dolzarb masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.

 

 

OSOA Ijroiya kengashi yigʻilishida Oʻzbekiston delegatsiyasi ushbu xalqaro tashkilot faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan quyidagi aniq takliflar bilan chiqdi: tashkilot faoliyati haqida axborot tarqatish; Assotsiatsiya faoliyatini ijtimoiy tarmoqlarda targʻib qilish; OSOA missiyasi tomonidan Assotsiatsiyaga aʼzo mamlakatlarda saylov jarayonlarini monitoring qilish amaliyotini joriy qilish. Yigʻilishda, shuningdek Assotsiatsiyaning doimiy faoliyat yuritadigan Kotibiyati ofisi toʻgʻrisidagi masala ham muhokama qilindi.

 

Taʼkidlash joizki, 1998-yilda tashkil etilgan OSOAning asosiy maqsadi ochiq va oshkora saylovlarni, mustaqil va xolis saylov organlarini targʻib qilish va Osiyo mintaqasida joylashgan saylov organlarini professionallashtirish, fuqarolarning saylov va fuqarolik jarayonlarida ishtirok etishi, axborot almashishi va saylovga oid axborot va tadqiqotlar uchun resurslarni ishlab chiqish hamda saylovlarni tashkil etish boʻyicha ishlarni takomillashtirish uchun mintaqada mustaqil forum tashkil etishni taʼminlashdan iborat.

 

Bugungi kunda Assotsiatsiya Osiyoning quyidagi 20 ta davlatini oʻzida birlashtirgan: Afgʻoniston, Bangladesh, Butan, Hindiston, Indoneziya, Qozogʻiston, Kambodja, Qirgʻiziston, Maldiv orollari, Moʻgʻuliston, Nepal, Pokiston, Papua-Yangi Gvineya, Rossiya, Koreya Respublikasi, Tojikiston, Tayvan, Oʻzbekiston, Filippin va Shri-Lanka.

 

Oʻzbekiston Respublikasi 2014-yildan OSOAga, 2022-yildan esa Ijroiya kengashining faol aʼzosi hisoblanadi va Assotsiatsiyaning turli tadbirlarida (konferensiya, seminar, saylov kuzatuvlari) faol ishtirok etib kelmoqda. Oʻzbekiston MSK saylov tizimini rivojlantirish, oʻzaro tajriba almashish, kadrlar malakasini oshirish va fuqarolarning saylov jarayonidagi ishtirokini oshirish boʻyicha OSOAning boshqa aʼzolari bilan ham hamkorlik qilmoqda. Oʻzbekiston saylov sohasini yanada takomillashtirishga oʻz hissasini qoʻshib, OSOA faoliyatida faol ishtirok etishda kelgusida ham davom etadi.

 

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur