OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DELEGATSIYASI NAVBATDAN TASHQARI OZARBAYJON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SAYLOVI KUZATISHDA ISHTIROK ETMOQDA

07.02.2024

2679

msk_yangiliklari_in

Ozarbayjon Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizamxodjayev boshchiligidagi delegatsiya navbatdan tashqari boʻlib oʻtayotgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatishda ishtirok etmoqda.

Shuningdek, MSK vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari xalqaro kuzatuvchi sifatida MDH Ijroiya qoʻmitasi, MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkilotining saylovlarni kuzatish boʻyicha missiyalari tarkibida qatnashmoqdalar.

Saylov arafasida va ovoz berish kuni oʻzbekistonlik kuzatuvchilar Boku shahrida hamda respublikaning boshqa hududlarida joylashgan saylov uchastkalarida boʻlishdi.

Tashrif doirasida 7-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi MSK raisi Z. Nizamxodjayev va Ozarbayjon MSK raisi M. Panaxov oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

M. Panaxov Oʻzbekiston delegatsiyasiga saylov jarayonining asosiy bosqichlari, tayyorgarlikning borishi va ushbu saylovlarga xos xususiyatlar haqida maʼlumot berdi. Oʻz navbatida Z. Nizamxodjayev hamkasbiga xalqaro kuzatuvda ishtirok etish taklifi uchun minnatdorlik bildirib, saylovchilarning yuqori faolligi, uchastka saylov komissiyalari aʼzolarining tayyorgarlik darajasi yaxshi ekanini taʼkidladi.

Shuningdek, uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati hamda amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

 

Uchrashuvda Z. Nizamxodjayev Oʻzbekistonda fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqini taʼminlaydigan va kafolatlaydigan demokratik saylov tizimini yaratish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi.

Xususan, milliy saylov qonunchiligi va amaliyotiga demokratik standartlarni joriy etish boʻyicha “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi yangi qabul qilingan Konstitutsiyaviy qonunda nazarda tutilgan ayrim yangiliklarga toʻxtaldi.

 

Ozarbayjon MSK raisi Oʻzbekiston Respublikasi saylov sohasidagi islohotlar ijobiy ekanini qayd etdi hamda 2023-yilda oʻzi boshchiligidagi Ozarbayjon delegatsiyasi kuzatgan konstitutsiyaviy referendum va prezidentlik saylovlari boʻyicha ijobiy baho berdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi MSK aʼzosi G. Rahimova, MSK Oʻquv markazi direktori X. Paluaniyazovlar ishtirok etdi.

 

Oʻzbekiston kuzatuvchilari delegatsiyasi navbatdan tashqari boʻlib oʻtayotgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatishda davom etmoqda.

 

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur