O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Hindiston parlamenti quyi palatasiga bo‘lib o‘tayotgan saylov bo‘yicha xalqaro kuzatuv dasturida ishtirok etmoqda

08.05.2024

2176

msk_yangiliklari_in

Hindiston saylov komissiyasi taklifiga ko‘ra Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari B.Kuchkarov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi joriy yilning 5-8-may kunlari Hindiston parlamentining quyi palatasi (Xalq palatasi)ga bo‘lib o‘tayotgan saylovni kuzatish bo‘yicha xalqaro dasturda ishtirok etmoqda.

 

Saylov jarayonlarining xalqaro kuzatuvida 27 ta xorijiy mamlakat saylov organlari va saylov sohasidagi nufuzli xalqaro tashkilotlar, shuningdek xorijiy davlatlar OAVlaridan 75 nafar vakil bevosita ishtirok etmoqda.

      

Hindiston parlamenti mamlakatdagi oliy federal qonun chiqaruvchi organ hisoblanadi. Uning tarkibiga Hindiston Prezidenti va ikki palata kiradi: Lok Sabxa – quyi palata va Rajya Sabxa – yuqori palata.

 

Lok Sabxa a’zolari to‘g‘ridan to‘g‘ri umumiy yashirin ovoz berish yo‘li bilan 5-yil muddatga saylanadi. Mamlakat konstitutsiyasi bilan belgilangan Lok Sabxaning maksimal soni 550 nafar deputatni tashkil etadi (shtatlardan 530 nafargacha va ittifoq hududidan 20 nafargacha). Hozirgi paytda quyi palatada 530 nafar joy mavjud.

 

Lok Sabxa 5-yillik muddatga saylanadi. Agar hech bir partiya ko‘pchilikni tashkil qila olmasa yoki koalitsiya tuza olmasa, Hindiston Prezidenti palatani muddatidan oldin tarqatib yuborishga haqli.

 

Lok Sabxa a’zosi etib saylanish uchun nomzod kamida 25 yoshga to‘lgan, ruhiy sog‘lom, iqtisodiy nochor bo‘lmagan va jinoiy ta’qib qilinmagan Hindiston fuqarosi bo‘lishi zarur.

 

Konstitutsiyaga ko‘ra, saylovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan 18 yoshdan oshgan barcha Hindiston fuqarolari ovoz berish huquqiga ega. Ovoz berishda 977 mln. nafarga yaqin saylovchi ishtirok etishi kutilmoqda.

 

Saylovchilarning soni ko‘pligi saylovlarni bir kunda tashkil qilishda muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi, shuning uchun Hindistonda saylovlar bir necha bosqichda o‘tkaziladi. Bu yilgi Lok Sabxaga saylovlar 19-apreldan 1-iyunga qadar yetti bosqichda o‘tkaziladi.

 

Birinchi va ikkinchi bosqichlar aprel oyida yakunlandi (mos ravishda 19 va 26-aprel kunlari). Ular mamlakatning 191 ta okrugida bo‘lib o‘tdi va unda 325 mln nafar saylovchi ishtirok etdi. Saylovchilarning ishtiroki mos ravishda 66,14% va 66,71% ni tashkil yetdi. Uchinchi bosqich 7-may kuni 93 ta okrugda o‘tkazilib, 11 ta shtat va 170 mln saylovchini bevosita qamrab oldi hamda saylovchilarning ishtiroki 61,45% ni tashkil etdi. 13-maydan 1 iyunga qadar qolgan 4 ta saylov bosqichi tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, saylov jarayonlari 34 ta shtatda o‘tkaziladi va 476 mln fuqaro saylash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

Ovoz berishni tashkil etish uchun 543 saylov okrugida 1,05 mln saylov uchastkalari tashkil etilgan. Saylovni tashkil etish va o‘tkazish uchun jami 15 mln kishi, shu jumladan xavfsizlik va jamoat tartibini ta’minlaydigan shaxslar jalb etilgan.

 

5-may kuni xalqaro kuzatuv dasturining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Brifingda Hindiston saylov komissiyasi vakillari saylov jarayonining asosiy jihatlari, IT tashabbuslar to‘g‘risida batafsil so‘zlab, elektron ovoz berish mashinalarining (EVM) ishlash faoliyati taqdimotini o‘tkazdilar.

 

   

 

Shu kunning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi va Hindiston Saylov komissiyasi Bosh komissari Radjiva Kumar, komissarlar Gyanesh Kumar va Suxbir Singx Sandxu o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda yuqori darajadagi sheriklik qayd etildi, O‘zbekiston va Hindiston Markaziy saylov organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, saylov jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

 

      

 

6-may kuni delegatsiya Uttar-Pradesh shtatining aholi eng zich joylashgan Agra va Fatexpur-Sikri okruglaridagi saylov uchastkalarida bo‘lib, u yerda ovoz berish uchun olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi. Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari distribyutiv markazlarining birida bo‘lib, u yerda saylovchilar ro‘yxati, zaruriy hujjatlar va ovoz berish mashinalarini saylov komissiyasi a’zolariga tarqatish, so‘ngra huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamrohligida saylov uchastkalariga yetkazib berish jarayonlari bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

 

Ovoz berish va ovozlarni an’anaviy usulda – qog‘oz byulletenlar orqali sanashdagi qiyinchiliklar, shuningdek, saylovchilar orasida savodxonlikning past darajasini hisobga olgan holda, 80-yillarning oxiridan boshlab Hindiston saylov jarayoniga elektron ovoz berish mashinalarini joriy qila boshladi. Hozirda Hindistonda saylovlar aynan shunday elektron mashinalar yordamida o‘tkazilmoqda.

 

Uchinchi bosqich saylov kuni O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi vakillari Uttar-Pradesh shtatining Agra va Fatexpur-Sikri tumanlaridagi saylov uchastkalarida bo‘ldilar.

 

Elektron ovoz berish mashinalari (EVM) va saylov byulletenlarini tekshirish tizimi (VVPAT) yordamida ovoz berish tartibiga, shuningdek, saylovlarning shaffofligi va yaxlitligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.

 

 

 

Shu kuni xalqaro saylovlarni kuzatish dasturi ishtirokchilari Agra va Fatexpur-Sikri okruglaridagi barcha 4 060 ta saylov uchastkalarida o‘rnatilgan kameralar orqali ovoz berish jarayonining video monitoringi o‘tkaziladigan situatsion markaz faoliyati bilan tanishdilar.

 

     

 

Uchinchi bosqichdagi saylovlar tinch muhitda o‘tdi va saylovchilarning yuqori faolligini namoyish etdi.

   

Ovozlarni hisoblash va saylov natijalarini e’lon qilish 2024-yil 4-iyunga rejalashtirilgan.

 

 

 

Delegatsiya a’zolari kuzatuvlar davomida elektron ovoz berish mashinalari va byulletenlarni tekshirish qurilmalari (VVPAT) yordamida ovoz berish tartibiga, shuningdek, saylovning shaffofligi va halolligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilganligiga guvoh bo‘lishdi.

 

Saylovni kuzatish saylovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xorijiy tajriba va amaliyotni bevosita o‘rganish, saylov tizimi va jarayonida qo‘llaniladigan saylov texnologiyalari bilan tanishish imkonini beradi, shuningdek, saylov organlarining xalqaro aloqalari va hamkorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur