Joriy yilning 17-noyabr kuni Sankt-Peterburg shahridagi Tavricheskiy saroyida “Xalqaro saylov sohasidagi hamkorlik: istiqbollar va yoshlar nuqtayi nazari” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir MDH Parlamentlararo Assambleyasi ishtirokchi davlatlarining Demokratiya, parlament va fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash sohasida rivojlanishni monitoring qilish bo‘yicha Xalqaro instituti hamda Rossiya yoshlar saylov komissiyalari ittifoqi tomonidan tashkil etildi.

Davra suhbati onlayn-masofaviy tarzda tashkil etilib, MDHga a’zo davlatlar yoshlar saylov tashabbuslari vakillari hamda MDHga a’zo davlatlar saylov organlari rahbarlari Maslahatlashuv kengashining saylov sohasidagi yoshlar siyosati bo‘yicha Ishchi guruhi a’zolarini birlashtirdi.

Tadbir doirasida saylov sohasida xalqaro yoshlar hamkorligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Milliy va xalqaro saylov kuzatuvi, yoshlarni kuzatuv missiyalari faoliyatiga jalb qilishni kengaytirish kabi masalalar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, huquqiy ma’rifatning innovatsion yondashuvlari, talabalarning mobil guruhlari faoliyati tajribasi, saylov sohasida volontyorlik loyihalari va yoshlar diplomatiyasiga oid taqdimotlar o‘tkazildi.
Ta’kidlash joizki, saylov sohasidagi yoshlar siyosati bo‘yicha Ishchi guruh MDHga a’zo davlatlar saylov organlari rahbarlari Maslahatlashuv kengashi huzurida 2025-yil iyun oyida tuzilgan bo‘lib, uning maqsadi – MDH ishtirokchi davlatlarida saylov jarayoni doirasida yoshlar siyosati amalga oshirilishi bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishdan iboratdir.

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyati xodimlari, saylov sohasidagi yoshlar siyosati bo‘yicha Ishchi guruh a’zolari S. Abduxoliqov va S. Olimjonovlar ishtirok etdi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati