O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi Mo‘g‘ulistonda parlament saylovlarini xalqaro kuzatuvida ishtirok etmoqda

27.06.2024

1907

msk_yangiliklari_in

Mo‘g‘uliston Bosh saylov komissiyasining taklifiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z. Nizamxodjayev boshchiligidagi delegatsiya Mo‘g‘uliston Buyuk Davlat Xurali (parlament)ga saylovlarning xalqaro kuzatuvida ishtirok etish uchun Ulan-Bator shahriga tashrif buyurdi.

 

O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi dasturi doirasida bugun,27-iyun kuni O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z. Nizamxodjayev va Mo‘g‘uliston Bosh saylov komissiyasi raisi P. Delgernaran o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 

Uchrashuvda P. Delgernaran Mo‘g‘uliston saylov tizimi haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi, shuningdek, 2024-yil 28-iyun kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlariga tayyorgarlikning borishi to‘g‘risida gapirib berdi.

 

Uning ta’kidlashicha, 2023-yilda qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, parlamentdagi deputatlik o‘rinlari soni 76 tadan 126 taga oshirilgan. Saylov okruglari esa kengaytirilgan.

 

 

Bundan tashqari, mazkur saylovlar avvalgilaridan farqli ravishda aralash saylov tizimi bo‘yicha o‘tkaziladi: 78 nafar deputat majoritar tizim bo‘yicha 13 ta ko‘p mandatli okruglardan, 48 nafari proporsional tizim (partiyaviy ro‘yxat) bo‘yicha saylanadi.

 

Mo‘g‘uliston fuqarolari 18 yoshdan saylash, 25 yoshdan esa saylovda qatnashish huquqiga ega. Saylovda saylovchilarning 50 foizi ishtirok etgan taqdirdagina saylov haqiqiy va o‘tgan deb topiladi. 2 238 360 nafar saylovchi saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan. Saylov kampaniyasida 1 336 nafar nomzod bilan 19 ta siyosiy partiya va 2 ta siyosiy koalitsiya, shuningdek 42 ta mustaqil nomzod ishtirok etmoqda.

 

Shu bilan birga 34 ta xorijiy davlatda 20-24-iyun kunlari bo‘lib o‘tgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarida jami 13 095 nafar Mo‘g‘uliston fuqarolari saylovchilar ro‘yxatiga olingani qayd etildi.

 

Mo‘g‘ulistondagi saylovlar to‘rt bosqichli saylov ma’muriyati tomonidan tashkil etiladi, Bosh saylov komissiyasi saylov jarayonini nazorat qilish uchun mas’ul bo‘lgan doimiy organ vazifasini bajaradi. Mazkur saylovlar uchun BSK 22 ta hududiy saylov komissiyalari, 339 ta tuman saylov komissiyalari va 2198 ta uchastka saylov komissiyalarini tashkil qildi.

 

Saylov uchastkalari byulletenlarni kompleks skanerlash, hisoblash va saqlash uchun elektron qurilmalar bilan jihozlangan. Qonunda ovozlarni mashina usulida hisoblashdan so‘ng byulletenlarni qo‘lda hisoblash amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Mashina usulida hisoblash natijalari rasmiy hisoblanadi.

 

O‘z navbatida, O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z. Nizamxodjayev saylov monitoringida ishtirok etish taklifi va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ovoz berish muvaffaqiyatli o‘tishiga ishonch bildirdi.

 

Z. Nizamxodjayev O‘zbekistonda demokratiya va qonun ustuvorligini mustahkamlashga qaratilgan milliy saylov tizimi islohotlarining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida gapirib o‘tdi.

 

Saylov sohasida tajriba almashish muhimligiga to‘xtalib o‘tib, Z. Nizamxodjayev Mo‘g‘uliston saylov jarayonlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanilayotganini alohida ta’kidladi va Davlat avtomatlashtirilgan ovoz berish tizimidan foydalanish tajribasini o‘rganishga qiziqish bildirdi.

 

 

 

Uchrashuvda ikki mamlakat saylov organlarining amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishdan o‘zaro manfaatdorligi ta’kidlandi.

 

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Z.Nizamxodjayev Mo‘g‘uliston OAVlariga intervyu berdi.

 

 

 

Uchrashuvda O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi a’zosi G.Raximova ham ishtirok etdi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur