O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi indoneziyadagi saylovlar kuzatuvida ishtirok etdi

29.11.2024

969

msk_yangiliklari_in

2024-yil 27-noyabr kuni Indoneziya Respublikasida hududiy hokimiyat organlarining saylovlari bo‘lib o‘tdi. Mazkur saylovlar mamlakat tarixidagi eng yirik siyosiy jarayon bo‘lib, ilk bor deyarli butun mamlakat hududini to‘liq qamrab oldi. Mahalliy saylovlarda 37 ta provinsiya, 415 ta tuman va 93 ta shaharda saylovchilar gubernatorlar, shahar hokimlari va tuman rahbarlarini sayladilar.

 

 

   

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi, jumladan, MSK Kotibiyati rahbari A.Ro‘ziyev hamda Kotibiyat bo‘lim boshlig‘i A.Adxamovlar saylov jarayonining xalqaro kuzatuvida bevosita ishtirok etishdi.

 

 

27-noyabr – ovoz berish kuni o‘zbekistonlik kuzatuvchilar Surabaya shahrida joylashgan bir qator saylov uchastkalarida bo‘lib, ovoz berish hamda ovozlarni sanab chiqish jarayoni bilan bevosita tanishdilar. Kuzatuv jarayonida saylov organlari mas’ullari va ovoz berishga kelgan fuqarolar bilan saylov jarayonlari, nomzodlar, siyosiy partiyalar va saylovning tashkiliy jihatlariga bog‘liq masalalar haqida suhbatlashib, ularning fikrlarini o‘rgandilar. O‘z navbatida, saylovda saylovchilar faol ishtirok etgani ta’kidlash lozim.

 

Sharqiy Yavadagi saylovlarning o‘ziga xos jihati shundaki, gubernator va vitse-gubernatorlik lavozimlari uchun har bir nomzod juftligidan kamida bittasi ayollardan iborat bo‘lishi lozim.

 

 

Ovoz berish jarayonlari tinch va shaffof muhitda o‘tdi. Saylov uchastkalari zaruriy texnika vositalari bilan to‘liq jihozlangan bo‘lib, ovoz berish jarayonlari imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ham qulaylik yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan.

 

MSK delegatsiyasi saylov jarayonida Indoneziyaning Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan ovozlarni hisoblashning yangi dasturi – “SIREKAP”ning ishlash jarayoni bilan tanishib chiqdi. Ushbu tizim orqali saylov uchastkalaridagi bayonnomalar maxsus ilovadan foydalanib yuklanadi va ma’lumotlarni tezkor qayta ishlash imkoniyati yaratiladi. Saylovning dastlabki natijalari 28-noyabr kuni yig‘iladi, rasmiy yakuniy natijalar esa 16-dekabrda e’lon qilinishi kutilmoqda.

 

 

Saylovlarda xorijiy mamlakatlar saylov organlari delegatsiyalari, elchixona vakillari, xalqaro tashkilotlar, shuningdek mahalliy NNT va OAV vakillari ishtirok etishdi. Tashrif davomida O‘zbekiston MSK delegatsiyasi boshqa mamlakatlardan tashrif buyurgan saylov sohasidagi ekspert va mutaxassislar bilan tajriba almashdi hamda mazkur kuzatuvlar saylov sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida ta’kidlandi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur