Aziz vatandoshlar!
Muhtaram hamkasblar!
Ona zaminimiz, jonajon O‘zbekistonimiz bamisoli ulkan va muhtasham bir sayilgohga aylangan shu kunlarda uyg‘onish, yangilanish, mehr-oqibat va xayru saxovat ayyomi – Navro‘zi olam kirib keldi.
Xalqimiz ushbu qutlug‘ shodiyonani bu yil “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida ko‘tarinki ruh va ezgu orzular bilan keng nishonlamoqda.
Bayram shodiyonalari borliqning uyg‘onishi, inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlik, ona zaminga mehr va e’tibor tuyg‘ulari bilan yanada munavvarlik kasb etgan.
Ushbu nurafshon ayyom Vatanimizda amalga oshirilayotgan “Inson qadri uchun”, degan oliyjanob g‘oyaga hamohang bo‘lib, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylandi.
Yangi O‘zbekistondagi barcha yangilanish va o‘zgarishlar, avvalo, xalqimiz manfaatlari yo‘lida, fuqarolarimizning xohish-istaklarini inobatga olgan holda, ularning istiqbolini ko‘zlab amalga oshirilayotgani jahon e’tirofiga sazovor bo‘lgan.
Aziz vatandoshlar! Barchangizni yangilanish, yasharish va yuksalish bayrami - Navro‘z ayyomi bilan chin dildan, samimiy muborakbod etamiz. Sizlarga mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, ulkan yutuq va muvaffaqiyatlar doim yor bo‘lishini tilaymiz.
Navro‘zi olam muborak bo‘lsin!
Markaziy saylov komissiyasi