Minsk shahrida O‘zbekiston Respublikasi MSK Raisi Z. Nizamxodjayev va Belarus MSK Raisi I. Karpenko o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

23.02.2024

2603

msk_yangiliklari_in

Belarus Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi MSK Raisi Z. Nizamxodjayev boshchiligidagi delegatsiya Belarus Respublikasining yagona ovoz berish kunida deputatlarga o‘tkaziladigan saylov jarayonlari kuzatuvida ishtirok etmoqda.

 

Shuningdek, MSK vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari xalqaro kuzatuvchi sifatida MDH Ijroiya Qo‘mitasi va Parlamentlararo Assambleyasi hamda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining saylovlarni kuzatish missiyalari tarkibida ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston MSK delegatsiyasining tashrif dasturi doirasida 23-fevral kuni MSK Raisi Z. Nizamxodjayevning Belarus MSK Raisi I. Karpenko bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

 

I. Karpenko O‘zbekiston MSK delegatsiyasi a’zolarini 2024-yil 25-fevral kuni bo‘lib o‘tadigan yagona ovoz berish kunidagi saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni bilan bog‘liq asosiy tadbirlar bilan tanishtirib o‘tdi.

Belarusda yagona ovoz berish kunida 8-chaqiriq Belarus Respublikasi Milliy majlisi Vakillar palatasining 110 nafar deputati va 12 514 nafar 29-chaqiriq mahalliy Kengash deputatlari saylanadi. Mamlakatda 5 411 ta ovoz berish uchastkalari shakllantirilgan. Deputatlarga o‘tkaziladigan saylovlar to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lib, deputatlar fuqarolar tomonidan bevosita saylanadilar. Vakillar palatasi deputati va mahalliy Kengash deputatining vakolat muddati – 5-yil.

 

Yagona ovoz berish kunida deputatlar saylovini tashkil etish uchun mamlakat bo‘ylab jami 9 459 nafar a’zodan iborat 1 394 ta hududiy va okrug komissiyalari shakllantirilgan.

MSK tomonidan saylov qonunchiligi normalarini tushuntirishga, yagona ovoz berish kunini tashkil etish va o‘tkazishga qaratilgan qarorlar hamda deputatlar va Respublika Kengashi a’zolari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar kalendar rejalari qabul qilingan. Saylov kampaniyasini tashkil etish va o‘tkazish doirasida barcha subyektlar bilan bir qator uchrashuv va seminarlar o‘tkazildi.

 

Uchrashuv qatnashchilariga saylov kampaniyasining ochiqligi va shaffofligi ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan choralar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Yagona ovoz berish kunida saylov jarayonlarini yoritish maqsadida 24-fevral kuni MSKning Axborot matbuot markazi ishga tushiriladi.

I. Karpenko ta’kidlaganidek, saylovlardagi xalqaro kuzatuv Belarus MSK tomonidan saylov sohasidagi ekspert va professionallarning o‘zaro muloqot qilish shakli deb biladi. Hududiy va okrug komissiyalari tomonidan 45,5 ming nafar milliy kuzatuvchilar, Belarus MSK tomonidan esa 294 nafar xalqaro kuzatuvchilar akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.

 

Fuqarolarning saylov huquqlarini tushuntirish ishlari, ayniqsa yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish bo‘lajak saylovlarga tayyorgarlik ko‘rishning muhim yo‘nalishlari sifatida alohida qayd etildi.

 

O‘zbekiston MSK Raisi Z. Nizamxodjayev Belarus MSK Raisi I. Karpenkoga saylovlarni monitoring qilishda ishtirok etishga taklif qilgani uchun o‘z minnatdorligini bildirdi va saylovlarni muvaffaqiyatli o‘tishiga ishonch bildirdi.

Z. Nizamxodjayev saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari yuqori darajada bo‘lganligi o‘z navbatida katta qoniqish uyg‘otganligini ta’kidladi. U MSK faoliyati ochiqligini va xalqaro kuzatuvchilar ishida hamkorlik ko‘rsatayotganini ijobiy baholadi.

 

Uchrashuvda O‘zbekiston MSK a’zosi G. Raximova, Komissiya Kotibiyati Tashkiliy nazorat bo‘limi boshlig‘i M. Miralimov va MSK huzuridagi O‘quv markaz direktori o‘rinbosari R. Isamutdinovlar ham ishtirok etishdi.

 

Shuningdek, MSK Raisi Z. Nizamxodjayevning Minsk shahri saylov komissiyasi raisi A. Shchekovich bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. A. Shchekovich yagona ovoz berish kuniga tayyorgarlik va muddatidan ilgari ovoz berish jarayonlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

 

Delegatsiya a’zolari poytaxt viloyati Minsk tumanidagi qator saylov uchastkalariga tashrif buyurdi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur