Joriy yilning 11-13-oktabr kunlari Sankt-Peterburg shahrida “Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi-davlatlarining elektoral suverenitetini himoya qilish” mavzusida xalqaro seminar tashkil qilindi.
Mazkur seminar MDH PA ishtirokchi-davlatlarida demokratiyaning rivojlanishi, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish xalqaro instituti (DPRXI), MDH PA huzuridagi xavfsizlik sohasidagi qonunchilikni uygʻunlashtirish va yangi chaqiriq hamda tahdidlarga qarshi kurashish boʻyicha qoʻshma komissiyasi, shuningdek MDH PA Mudofaa va xavfsizlik boʻyicha doimiy komissiyasi tomonidan tashkil etildi.
Seminar davomida quyidagi masalalarda ishtirokchilar oʻrtasida tajriba almashinildi:
– MDH PA aʼzo davlatlarning saylov xavfsizligi sohasida saylov qonunchiligini takomillashtirish maqsadida saylov suverenitetini himoya qilishning ilgʻor tajribalari natijalarini qoʻllash;
– Saylovlar va referendumlarga xorijiy aralashuvlarga qarshi kurashish;
– “Elektoral suverenitet”ni taʼminlash maqsadida xalqaro monitoring tizimini takomillashtirish;
– Saylovlar va referendumlarga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish jarayonida jamoat xavfsizligini taʼminlash;
– Masofaviy elektron ovoz berish xavfsizligini taʼminlash va h.k.
Seminarda MDH Ijroiya Qoʻmitasi, MDH PA, MDH PA DPRXI kabi xalqaro tashkilotlar, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qirgʻiz, Qozogʻiston Respublikalari Markaziy saylov komissiyalari kabi xorijiy saylov organlaridan ishtirokchilar, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi – Z.M. Nizamxodjayev va komissiyaning doimiy asosda ishlovchi aʼzosi G.A. Raximovalar ishtirok etishdi.
MSK raisi Z.M. Nizamxodjayev seminar boshlanishidagi kirish soʻzida kun tartibidagi masalalarning ahamiyati va dolzarbligini taʼkidlar ekan, MDH mamlakatlari saylov organlarining Maslahatlashuv kengashining faoliyati va funksiyalari saylov organlari oʻrtasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashishi, xalqaro saylov standartlarini ishlab chiqish va joriy etish, demokratik saylovlar va referendumlarni tashkil etish va oʻtkazish amaliyoti hamda saylov jarayonini tashkil etish bilan shugʻullanuvchi mutaxassislarni tayyorlash, shuningdek saylov qonunchiligini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. “Saylov organlarini birlashtirgan dunyoning boshqa mintaqalaridagi xalqaro tashkilotlar Maslahatlashuv kengashi bilan hamkorlik qilishga qiziqishmoqda”, - dedi MSK raisi.
Komissiyaning doimiy aʼzosi G.A. Raximova tadbir davomida “Saylov uchastkalarida aholi xavfsizligini taʼminlash: Oʻzbekiston tajribasi” mavzusida chiqish qildi. U oʻz maʼruzasida saylov va referendumga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish davrida jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda chora-tadbirlarni tashkil etish masalalariga alohida toʻxtalar ekan: ovoz berish joylarida jamoat tartibini saqlash, saylovchilar, saylov tashkilotchilari va xalqaro kuzatuvchilar faoliyati hamda saylov byulletenlarining xavfsizligini taʼminlash masalalariga alohida urgʻu qaratdi. Maʼruza xalqaro seminar ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.
Xalqaro seminarda saylov sohasiga doir koʻtarilgan masalalar oʻta dolzarb boʻlib, ishtirokchilar oʻrtasida qizgʻin muhokamaga sabab boʻldi.