Majoritar-proporsional saylov tizimining oʻziga xos jihatlari

10.11.2023

7897

msk_yangiliklari_in

2023-yil 10-noyabr kuni Markaziy bankning Samarqand viloyat boshqarmasi binosida viloyatda faoliyat yuritayotgan davlat va tijorat banklarining xodimlari ishtirokida Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yil 31-oktabr kuni qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun targʻibotiga bagʻishlangan “Majoritar-proporsional saylov tizimining oʻziga xos jihatlari” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

 

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari N.Rizayev, Gʻ.Abdiyev, Markaziy saylov komissiyasining kotibi X.Mamatovlar Konstitutsiyaviy qonunning mazmun-mohiyati va oʻziga xos xususiyatlari yuzasidan maʼruza qildilar.

Taʼkidlash lozim, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi (majoritar va proporsional) asosida oʻtkazish, saylov organlarining markazlashgan tizimini shakllantirish, saylov komissiyalari tizimini maqbullashtirish, Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha muhokamalar joriy yil 10-24-oktyabr kunlari Normativ-huquqiy hujjatlar umumxalq muhokamasi portali va Qonunchilik palatasining veb-sayti orqali oʻtkazilgan on-layn muhokamalar davrida qizgʻin kechdi. Sababi, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa yosh avlod vakillari faol ishtirok etgan muhokamalar jarayonida undagi har bir norma atroflicha muhokama qilinib, qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan asoslantirilgan takliflar bildirildi.

 

Davra suhbatida maʼruza qilgan Markaziy saylov komissiyasi kotibi Xudoyor Mamatov qayd etib oʻtganidek:

 

Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida aralash saylov tizimiga oʻtilishi munosabati bilan majoritar va proporsional saylovlarni tashkil etish va oʻtkazishning huquqiy mexanizmi ochib berilmoqda. Saylov komissiyalarining vertikal tizimini nazarda tutuvchi qoidalar kiritilmoqda. Siyosiy partiyalarning parlamentdagi rolini yanada oshirishga qaratilgan normalar aks ettirilmoqda.

 


Shuningdek, barcha darajadagi saylov komissiyalarining vakolatlari Saylov kodeksida aniq ochib berilmoqda. Biroq, Kodeksda belgilab boʻlmaydigan tashkiliy-texnik masalalar, aniqrogʻi, saylov komissiyalarida ish yuritish tartibi kim tomonidan belgilanishi ochiq qolib ketgan edi. Shundan kelib chiqib, Saylov kodeksining 26-moddasi uchinchi qism bilan toʻldirilib, unda “hududiy, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyalarida ish yuritish tartibi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanishi” aniq koʻrsatib oʻtilmoqda.

Chunonchi, ushbu qonun bilan saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga ajratilmoqda. Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi (nomzodlar roʻyxati) asosida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar boʻyicha yagona saylov okrugidan saylanishi belgilanmoqda.

 

Bir vaqtda ham majoritar ham proporsional saylov tizimini oʻzida jamlagan tizim esa - aralash saylov tizimi deb yuritiladi. Hozirgi kunda Janubiy Koreya, Belgiya, Vengriya, Qozogʻiston, Germaniya va Ispaniya kabi davlatlardagi saylovlar ushbu tizim asosida oʻtkaziladi. Aralash saylov tizimiga oʻtilishi esa siyosiy partiyalar oʻrtasidagi sogʻlom raqobatni yanada kuchaytiradi.

 

Mamlakatimizda, xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning siyosiy, ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tizimli islohotlar amalga oshirilib, belgilangan tadbirlarning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda. Keyingi yillarda qabul qilingan bir qator qonunlar ayollarning jamiyat hayotidagi oʻrni va nufuzini yanada kuchaytirish, ularning huquq va manfaatlarini kafolatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, Qonun yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda belgilangan normalarni hayotga izchil tatbiq etishga qaratilgan boʻlib, ushbu hujjat bilan Saylov kodeksining 70 va 91-moddalariga siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar koʻrsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining 30 foizidan 40 foizga oshirish nazarda tutilmoqda.

 

Proporsional saylov tizimi boʻyicha ham partiya roʻyxatidagi ketma-ketlikda kamida har besh nafar nomzodning ikki nafari ayol kishi boʻlishi nazarda tutilyapti. Bu esa gender tengligini taʼminlash, xotin-qizlarning oʻz salohiyatlarini roʻyobga chiqarishga imkon beradi. Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar saylovi natijalarini belgilash tartibi ham takomillashtirilmoqda. Amaldagi qonunchilikda saylovda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan koʻpining ovozini olgan nomzod saylangan hisoblanadi, yaʼni mutlaq koʻpchilik ovoz talab etiladi. Ushbu talab Prezident saylovlariga nisbatan toʻgʻri qoʻllanilgan boʻlib, bundan maqsad saylov huquqiga ega boʻlgan mamlakat aholisining mutlaq koʻpchiligi tanlagan shaxsgina Prezident lavozimiga munosib koʻriladi. Bunday amaliyot aksariyat xorijiy mamlakatlarda ham mavjud.

 


Shu bilan birga, bir nechta saylov okruglaridan saylanadigan deputatlikka nomzodlarga nisbatan bu kabi qoidani qayta koʻrib chiqish zarurati mavjud. Chunonchi, boshqalarga nisbatan koʻproq ovoz olgan deputatlikka nomzod saylanmas ekan, oʻsha hududdagi nisbatan koʻpchilikning fikri va xohish istagi amalga oshmay qoladi. Shu sababli, bir mandatli saylov okruglarida boshqa nomzodlarga nisbatan koʻproq ovoz olgan deputatlikka nomzod saylangan, deb hisoblanishi belgilanmoqda. Yaʼni, mutlaq koʻpchilik emas, balki nisbiy koʻpchilik ovozi bilan deputatlar saylanishi nazarda tutilmoqda. 

 


Bundan tashqari, qonun loyihasida saylov komissiyalarining vakolatlari qayta koʻrib chiqilishi barobarida, siyosiy partiyalarning parlamentdagi rolini yanada oshirishga qaratilgan qoidalar kiritilmoqda. Shu bilan birga, shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish maqsadida uchastka komissiyasi binosida tanishib chiqish uchun osiladigan saylovchilar roʻyxatiga har bir saylovchining faqatgina familiyasi, ismi, otasining ismi va tugʻilgan yilini koʻrsatish bilan cheklanish taklif etilyapti.


Shuningdek, saylov komissiyalari tizimi takomillashtirilib, Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari, tuman va shahar saylov komissiyalari, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalari saylov komissiyalari tizimini tashkil etishi koʻzda tutilmoqda.

 


Bundan tashqari, Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari sonini kamida oʻn besh nafardan toʻqqiz nafarga tushirish, uning kamida bir nafar aʼzosi Qoraqalpogʻiston vakili boʻlishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, tuman, shahar saylov komissiyasining vakolatlarini belgilovchi yangi normalar kiritilmoqda.

 


Bir soʻz bilan aytganda, mazkur hujjatning qabul qilinishi saylov va referendum toʻgʻrisidagi qonunchilikni yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga muvofiqlashtiradi, parlamentni shakllantirishning yangi zamonaviy tizimini yoʻlga qoʻyadi hamda ushbu jarayonda siyosiy partiyalarning ishtiroki va rolini yanada oshiradi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur