26.10.2024

1728

msk_yangiliklari_in

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin NIZAMXODJAYEVning

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish, uni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilgan asosiy chora-tadbirlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanidagi

MA’RUZASI

 

 

 

Assalomu alaykum, hurmatli matbuot anjumani ishtirokchilari!

Hurmatli Xonimlar va janoblar!

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga bag‘ishlangan bugungi matbuot anjumanida Markaziy saylov komissiyasining a’zolari, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kelgan kuzatuvchilar, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining vakillari, siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari bevosita ishtirok etmoqdalar.

 

Shuningdek, matbuot anjumani bir qator davlat va nodavlat telekanallari hamda Markaziy saylov komissiyasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali onlayn yoritilmoqda.

 

Hurmatli matbuot anjumani ishtirokchilari!

 

Ertaga, ya’ni 27 oktyabr yakshanba kuni – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi kuni.

 

Saylovga butun mamlakatimizda katta tayyorgarlik ko‘rildi. Ijozatlaringiz bilan, saylovga tayyorgarlik borasida amalga oshirilgan ishlarga qisqacha to‘xtalib o‘tsam.

 

Saylovning mamlakat hayotidagi alohida o‘rnini e’tiborga olib, ushbu jarayonga fuqarolarni keng jalb etish maqsadida 27 oktyabrdagi saylov “Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida o‘tkazilmoqda.

 

Hurmatli matbuot anjumani ishtirokchilari!

 

Bu yilgi saylovlar qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan saylov organlarining yangi tizimi, ya’ni

 

·          Markaziy saylov komissiyasi;

 

·          hududiy saylov komissiyalari;

 

·          xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari;

 

·          tuman va shahar saylov komissiyalari;

 

·          uchastka saylov komissiyalari tomonidan o‘tkaziladi.

 

Markaziy saylov komissiyasi saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qilib, Oliy Majlis va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni tashkil etadi.

 

 

Hududiy saylov komissiyalari viloyatlar va Toshkent shahri chegaralarida tuzildi.

 

Hududiy saylov komissiyalarining asosiy vazifalaridan biri tegishli hududda Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni tashkil etish hamda Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida tegishli hudud bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash va ularni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etish hisoblanadi.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida Qonunchilik palatasi deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq hududiy saylov komissiyalarining vakolatlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi amalga oshiradi.

 

Hududiy saylov komissiyalari a’zolarining umumiy soni – 284 nafar (58,9 foizi – erkaklar, 41,1 foizi – ayollar).

 

Hududiy saylov komissiyalari tarkibiga turli kasb egalari – tajribali huquqshunoslar, iqtisodchilar, pedagoglar, jurnalistlar, shifokorlar, muhandislar jalb etilgan. A’zolarning deyarli barchasi oliy ma’lumotli mutaxassislar ekani, avvalgi saylovlarda tajriba to‘plaganligi komissiyalarning nufuzini va mas’uliyatini yanada oshiradi.

 

Okrug saylov komissiyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashi sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishni tashkil etadi.

 

Hududiy saylov komissiyalari tomonidan 725 ta okrug saylov komissiyalari tuzildi.

 

Tuman, shahar saylov komissiyalari tegishli tuman, shahar hududida Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni tashkil etish maqsadida respublikamizning 208 ta tuman va shahrida tashkil etildi.

 

Uchastka saylov komissiyalarining asosiy vazifalari saylov kuni uchastkada ovoz berishni tashkil etish va ovozlarni sanab chiqish hamda o‘z hududi doirasida natijalarni aniqlash hisoblanadi.

 

Hududiy saylov komissiyalari tomonidan 11 ming 28 ta saylov uchastkasi tuzildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 40 ta xorijiy davlatdagi diplomatik va konsullik muassasalari huzurida 57 ta saylov uchastkalari tuzildi va mazkur saylov uchastkalari Toshkent shahri hududiga biriktirildi.

 

Uchastka saylov komissiyalari a’zolarining umumiy soni – 116,5  ming nafar. A’zolarning 53,6 foizi ayollardir.

 

Uchastka saylov komissiyalarining rais, rais o‘rinbosari va kotib lavozimlarida faoliyat yuritayotgan jami ayollar salmog‘i 22,9 foizdan oshadi.

 

Imkoniyati cheklangan shaxslar esa 1 343 nafar.

 

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, uchastka saylov komissiyalari a’zolarining 52 foizini 21 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar tashkil etadi.

 

O‘zbekistonda saylov jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish - doimiy e’tibor qaratilayotgan eng muhim yo‘nalishlardan biridir.

 

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati, Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimining so‘nggi yillarda o‘tkazilgan saylovlarda muvaffaqiyatli qo‘llanilgani shular jumlasidandir.

 

Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda milliy saylov tizimiga “E-Saylov” axborot tizimining joriy etilgani, qayd etilganidek, bu yilgi saylovlardagi muhim yangilik hisoblanadi.

 

Axborot tizimidan 32 ming nafar saylov jarayoni ishtirokchilari professional tarzda foydalanishdi. Foydalanuvchilar bilan 40 turdagi SMS-xabarnomalar orqali muloqot o‘rnatildi.

 

Shu bilan birga, “E-SAYLOV” interaktiv portalida saylovlarning ochiqligini ta’minlash va aholini saylovga oid ma’lumotlar bilan ta’minlash bo‘yicha bir qator qulaylik yaratildi.

 

Jumladan, saylovchilar soni, saylov okruglari soni, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylov bo‘yicha bir mandatli saylov okruglari chegaralari, barcha deputatlikka nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, Qonunchilik palatasiga deputatlikka nomzodlarning tarjimayi holi va dasturi to‘g‘risidagi ma’lumotlar barcha tanishib chiqishi uchun joylashtirildi.

 

Bundan tashqari, saylovchilar, siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlar, mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar, mahalliy va xorijiy OAVlar uchun bir qator foydali va muhim ma’lumotlar (videoroliklar, saylov qonunchiligi, ko‘p beriladigan savollar, turli eslatma va yo‘riqnomalar) ko‘rib chiqish uchun joylandi.

 

“E-saylov” axborot tizimi Raqamli hukumatning Idoralararo integratsion platformasi bilan integratsiya qilinib, tegishli davlat organlarining ma’lumotlar bazalaridan ma’lumotlarni avtomatik ravishda olish yo‘lga qo‘yildi. Bu esa, 20 ga yaqin turdagi ma’lumotlar, jumladan, shaxslarning familiyasi va ismi, fotosurati, ma’lumoti, mutaxassisligi, ish joyi va lavozimi kabi ma’lumotlar avtomatik tarzda shakllantirish imkonini berdi.

 

Bu imkoniyatlar saylov jarayonlari ishtirokchilarining vaqt sarfi va ma’muriy xarajatlarini tejab, ularga qo‘shimcha qulaylik yaratdi.

 

“E-saylov” axborot tizimi joriy yilgi saylovlarda muvaffaqiyatli qo‘llanildi va barcha funksional imkoniyatlari uzluksiz ishladi. Barcha jarayonlar tizim orqali amalga oshirilishi natijasida juda katta ma’lumotlar bazasi shakllandi. Xususan, 128 ming nafar saylov komissiyalari a’zolari, mingdan ortiq partiyalarning vakolatli vakillari, qariyb 30 ming nafar deputatlikka nomzodlar, 2,3 mingdan ortiq nomzodlarning ishonchli vakillari, 65 ming nafar mahalliy kuzatuvchilar, 2 mingdan ortiq mahalliy, xorijiy ommaviy axborot vositalarining vakillari hamda xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar, jami 230 mingga yaqin saylov jarayoni ishtirokchilari to‘g‘risida Big Data shakllandi.

 

Mamlakatimiz milliy saylov tizimida ilk bor joriy etilgan “E-saylov” tizimi saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida o‘zining qulayligini to‘la namoyon etdi. Mazkur interaktiv portalning qulayligi shundaki, saylov komissiyalari tomonidan ro‘yxatga olingan jami 29 350 nafar deputatlikka nomzodlarning mobil telefonlariga ular tegishli vakillik organi saylovi bo‘yicha deputatlikka nomzod etib ro‘yxatga olinganliklari, “E-saylov” tizimi yordamida ishonchli vakillarini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkinligi va saylovoldi tashviqoti boshlanishi va muddatlari to‘g‘risida xabarnomalar yuborildi.

 

Bundan tashqari, saylovoldi tashviqoti davrida deputatlikka nomzodlarga 10 ga yaqin saylov jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa SMS xabarnomalari ham yuborildi. Shuningdek, siyosiy partiyalardan kuzatuvchilar, nomzodlarning ishonchli vakillari “E-saylov” tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazildi hamda ularning guvohnomalari tizimda avtomatik tarzda shakllanib, ularga yuborildi.

 

Saylov kuni saylov jarayonini real vaqt rejimida (onlayn) video-translyatsiya qilish maqsadida mamlakatimizning tuman va shaharlari hududidagi tegishli texnik talablarga muvofiq bo‘lgan saylov uchastkalarida videokameralar o‘rnatildi.

 

Bu Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazidagi ekranlarida, saylov.uz rasmiy veb-saytida hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston 24” va boshqa telekanallarida ovoz berish jarayonini real vaqt rejimida (onlayn) kuzatish imkoniyatini beradi.

 

Bundan tashqari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida saylovchilarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida mamlakatimiz tarixida ilk marotaba Toshkent shahridagi ayrim saylov uchastkalarida saylov kuni elektron ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish tajriba-sinov tariqasida joriy etilmoqda.

 

Joriy yilgi saylovlarda sinab ko‘rilishi rejalashtirilgan elektron ovoz berish qurilmalaridan 37 ta xorijiy davlatlarda, jumladan, AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Braziliya, Singapur, Avstraliya kabi ilg‘or xorijiy davlatlarda foydalanilgan bo‘lib, ular orqali shu kunga qadar 6,5 mlrddan ortiq saylovchilar ovoz berishgan.

 

Qayd etish lozimki, elektron ovoz berish uskunalari ovoz berish va saylov natijalarini tezkor aniqlash, ovoz berish jarayonlarining qonuniyligini ta’minlash, saylov komissiyalarining ish hajmini maqbullashtirishga xizmat qiladi.

 

Saylov kampaniyasida ishtirok etishiga ijozat berilgan beshta siyosiy partiya tomonidan bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga ko‘rsatilgan jami 375 nafar nomzod ro‘yxatga olindi.

 

Yagona saylov okrugi bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga mazkur beshta siyosiy partiya tomonidan ko‘rsatilgan jami 500 nafar nomzodlar ro‘yxati ro‘yxatga olindi. Ma’lumki, yagona saylov okrugi bo‘yicha 75-100 nafar deputatlikka nomzod partiya ro‘yxatiga binoan ko‘rsatilishi mumkin.

 

Tariximizda birinchi marta beshta siyosiy partiya tomonidan barcha darajadagi deputatlik o‘rinlariga 100 foiz nomzodlar ko‘rsatildi.

 

Xususan, siyosiy partiyalar tomonidan bu yil Qonunchilik palatasiga jami 875 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga 3 625 nafar, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga jami 24 850 nafar nomzodlar, ya’ni barcha saylov okruglarida nomzodlar to‘liq ko‘rsatilishi imkoniga ega bo‘ldi.

 

Bunda, “E-saylov” interaktiv portalining ishga tushgani ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu tizim orqali siyosiy partiyalar nomzodlarning qonunchilik talablariga mosligi holati bo‘yicha saylov komissiyalari bilan tezkor ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

 

 

Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlar orasida ayollar soni 391 nafarni yoki 44,7 foizni tashkil etdi. Bu saylov tariximizdagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

 

Avvalgi saylovlarga qaraganda nomzodlar ham ancha yoshargan. Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarning o‘rtacha yoshi 47,2 yosh. Ulardan 44,2 foizi 45 yoshgacha bo‘lganlar, 44,3 foizi – 45-60 yoshdagilardir. Nomzodlar orasida eng yoshi 25 yosh.

 

Nomzodlarning 99,3 foizi oliy ma’lumotli.

 

Nomzodlar orasida iqtisodchilar – 20,2 foiz, pedagoglar – 27,9 foiz, muhandislar – 7,9 foiz, shifokorlar – 9,1 foiz, huquqshunoslar – 16,5 foiz, tadbirkor, fermer va boshqa soha vakillari 18,4 foizni tashkil etadi. 

 

Mamlakatimizda yashayotgan aksariyat millat va elatlarning vakillari ham deputatlikka nomzodlar orasida bor. Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarning 973 nafari tojik, 588 nafari qozoq, 146 nafari turkman, 141 nafari qirg‘iz, 67 nafari rus va boshqa millatlarni tashkil etadi.

 

Ma’lumki, saylovoldi tashviqoti — saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyatdir.

 

Markaziy saylov komisssiyasining 2024-yil 20-sentyabrdagi 1384-sonli qarori bilan Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylovoldi tashviqoti 2024-yil 22-sentyabrdan boshlanishi belgilandi.

 

Shuningdek, deputatlikka nomzodlarning va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti davrida ommaviy axborot vositalarida chiqishlari siyosiy partiyalarga saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbati ketma-ketligida, ya’ni

 

birinchi – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi;

 

ikkinchi – O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi;

 

uchinchi – O‘zbekiston Ekologik partiyasi;

 

to‘rtinchi – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi;

 

beshinchi – O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi etib belgilandi.

 

Saylovoldi tashviqoti 25-oktyabrda nihoyasiga yetdi.

 

Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida tashviqotga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan davlat markaziy va hududiy teleradiokanallari hamda gazetalarida deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun saylovoldi tashviqoti davrida bepul efir vaqti hajmi hamda nashr maydoni hajmi ajratildi. Unga ko‘ra respublika darajasidagi har bir telekanallarda va radiokanallarda siyosiy partiyalarga tashviqot ishlarini olib borish uchun 165 daqiqadan, hududiy tele- va radiokanallarda har bir partiya uchun jami 2 100 daqiqadan bepul efir vaqtlari ajratildi.

 

Shuningdek, respublika gazetalarida tashviqot davriga har bir partiya uchun 6,5 sahifadan hamda 25 ta mahalliy gazetalarda hajmi va davriyligidan kelib chiqqan holda bepul nashr maydoni ajratildi.

 

Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarga saylovoldi tashviqotini olib borish uchun davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda hajmiga ko‘ra bir xil bo‘lgan efir vaqtini va nashr maydonini bepul berish yo‘li bilan teng sharoitlar ta’minlandi.

 

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi qarori bilan saylovoldi tashviqotini olib borish bo‘yicha nizom tasdiqlangan bo‘lib, mazkur nizomda ilk marotaba sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda saylovoldi tashviqoti materiallarini tayyorlash va tarqatish masalalari tartibga solindi.

 

Xususan, siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlar sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan tashviqot materiallarida ushbu materiallarda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanib tayyorlanganligi haqida ma’lumotlar ko‘rsatish;

 

har qanday shaxsning tasvirga va uning ovoziga bo‘lgan huquqlarini, shuningdek, boshqa shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzmaslik;

 

biror-bir shaxsning tasviri va ovozi, shuningdek boshqa shaxsga doir ma’lumotlaridan foydalanilganda ushbu shaxsning oldindan roziligini olish kabi qoidalarga amal qilish kerakligi belgilandi.

 

Mamlakatimiz saylovlari tarixida ilk bor Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda siyosiy partiyalar tomonidan ishlab chiqilgan saylovoldi tashviqotiga oid odob-axloq qoidalari partiyalarning rahbarlari tomonidan imzolandi.

 

Ushbu odob-axloq qoidalari saylovoldi tashviqoti davrida yolg‘on axborot tarqatishning oldini olish, saylovlarning asosiy prinsiplariga rioya etilishini ta’minlash hamda saylovchilarga o‘z tanlovini erkin amalga oshirish imkonini yaratdi.

 

Saylovlarni yuqori saviyada tashkil etishda saylov komissiyalari a’zolarining milliy saylov qonunchiligi va amaliyoti hamda xalqaro saylovga oid standartlar bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash muhim ahamiyatga ega.

 

Saylov tashkilotchilarining malakasini oshirish maqsadida kaskad usulida uch bosqichli o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari tashkil etildi. Natijada 120 mingdan ortiq saylov komissiya a’zolari, trenerlar va operatorlarning saylov qonunchiligi bo‘yicha malakasi oshirildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi va barcha darajadagi saylov komissiyalari o‘z ishini hamisha ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga binoan tashkil etib kelmoqda.

 

Buning yaqqol dalili - Markaziy saylov komissiyasi huzurida Matbuot markazi faoliyatining yo‘lga qo‘yilganidir. Ta’kidlash zarurki, Matbuot markazining hududiy bo‘linmalari ham tashkil etildi.

 

Markaziy saylov komissiyasining saylovga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq barcha majlislari ijtimoiy tarmoqlar orqali surdo tarjimasi bilan jonli efirga uzatib borildi.

 

Saylovchilarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida Markaziy saylov komissiyasining rasmiy saylov.uz veb-saytiga jami 11 ming 758 ta axborot, Saylovga oid video darslar bo‘limiga 11 ta videodars, shuningdek, “Saylov-2024” rukniga saylovga doir barcha ma’lumotlar joylashtirildi.

 

Hududiy saylov komissiyalarining rasmiy veb-saytlariga 1 207 ta ma’lumot joylashtirildi.

 

Saylov kunini eslatuvchi SMS xabarlari fuqarolarning mobil telefonlariga yuborildi.

 

Shuningdek, saylov kampaniyasiga hamda saylovchilarni saylovga jalb qilishga doir telekanallarda 17 544 ta, radiokanallarda 6 990 ta, bosma nashrlarda 689 ta, veb-saytlarda 1 271 ta, telegram kanallarda 10 634 ta hamda boshqa ijtimoiy tarmoqlarda 4 593 ta ma’lumotlar e’lon qilindi.

 

Saylovchilarnining ovoz berish jarayonlarida faol ishtirokini ta’minlash maqsadida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda jami 47 mingdan ortiq targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

 

“Saylov va yoshlar” mavzusida 400 dan ortiq huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, tadbir orqali 1,5 mln nafar yoshlar qamrab olindi.

 

O‘zbekiston Respublikasining xorijga ketayotgan fuqarolari uchun saylov kuni xorijda ovoz berish tartibini tushuntiruvchi flayerlar, saylovga chorlovchi plakatlar, saylovda ishtirok etuvchi fuqarolar uchun taklifnomalar tayyorlandi va belgilangan tartibda tarqatildi.

 

Saylovchilarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi kuni, siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlar haqida xabardor qilishga qaratilgan hamda saylovda faol ishtirok etishga chaqiruvchi turli o‘lchamlardagi 716 mingdan ortiq nusxadagi plakatlar nashr etilib, aholi gavjum joylarga joylashtirildi.

 

Bundan tashqari, respublika bo‘ylab mingga yaqin bilbordlarda 5 xil namunadagi chorlov bannerlari o‘rnatildi.

 

Shuningdek, Toshkent shahridagi metro bekatlari, metro vagonlari hamda avtobus salonlariga chaqiriqlar aks ettirilgan videoroliklar joylashtirildi.

 

Hurmatli matbuot anjumani ishtirokchilari!

 

Mamlakatimiz parlamenti va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlarni, jumladan, saylovchilarning ovoz berish jarayonini siyosiy partiyalarning, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari, jurnalistlar, shu jumladan, xorijlik jurnalistlar, kuzatib boradi.

 

Saylov jarayonlarida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashda kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtiroki muhim ahamiyatga ega.

 

O‘zbekiston Respublikasi parlament saylovida jami 851 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi, jumladan o‘n uchta nufuzli xalqaro tashkilotlardan, xususan Yevropada Xavfsizlik Hamkorlik Tashkilotning Parlament Assambleyasi va Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Turkiy Davlatlar Tashkiloti, Turkiy Davlatlar Parlament Assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Islom Hamkorlik Tashkiloti hamda boshqa xalqaro tuzilmalardan jami 560 nafar, xorijiy davlatlar 24 ta saylov organlaridan 46 nafar, dunyoning 43 ta davlatidan 245 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

 

Ayni paytda, siyosiy partiyalardan 55 ming nafar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 10 ming nafardan ortiq kuzatuvchi saylovni kuzatib boradi.

 

Hozirgi kunga qadar mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining jami1 068 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

 

Hurmatli matbuot anjumani ishtirokchilari!

 

Markaziy saylov komissiyasi saylovlarga tayyorgarlik jarayonida nogironligi bo‘lgan fuqarolarning alohida ehtiyojlariga hamisha jiddiy e’tibor qaratib keladi.

 

Bu Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarida ham o‘zining amaliy ifodasini topmoqda.

 

Nogironligi bo‘lgan fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlashda qo‘shimcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratishga doir masala Komissiyamiz majlisida muhokama qilinganida, mamlakatimizdagi to‘rtta nodavlat notijorat tashkiloti – O‘zbekiston Nogironlar jamiyati, Ko‘zi ojizlar jamiyati, Karlar jamiyati va Nogironlar assotsiatsiyasidan vakillar ishtirok etdi.

 

Saylovlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin va hech qanday to‘siqlarsiz amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.

 

Jumladan, saylovchilar ro‘yxati uyma-uy yurib aniqlashtirish jarayonlarida saylovchilar orasida nogironligi bo‘lgan shaxslar 832 ming nafar ekanligi hamda ularning 105 ming nafari bo‘lajak saylovda ishtirok etishi uchun ko‘mak berishga muhtojligi aniqlangan.

 

Shuningdek, saylovda mustaqil ishtirok eta olmaydigan har bir saylovchiga ovoz berishga ko‘maklashishi uchun 16 mingga yaqin volontyorlar biriktildi.

 

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylovdagi ishtiroki uchun tegishli infratuzilmaviy sharoitlar yaratildi:

 

– barcha saylov uchastkalariga Brayl alifbosi asosida tayyorlangan trafaretlar yetkazildi;

 

– ovoz berish xonalariga maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari joylashtirildi;

 

– ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi saylovchilar mavjud bo‘lgan saylov uchastkalarida optik lupalar yetkazildi;

 

– uchastka binolari nogironlar aravachasiga moslashtirilgan nishab yo‘laklari (panduslar) yoki “yordamga chaqirish” tugmasi bilan jihozlandi.

 

Bundan tashqari, saylovga oid axborotlarda surdo tarjima, subtitr yozuvi, Brayl alifbosi va boshqa shakllar orqali yetkazilib kelinmoqda.

 

 

Saylov qonunchiligiga binoan, saylov kuniga qadar yoki saylov kuni 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari saylovda ovoz berish huquqiga ega.

 

O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida istiqomat qilayotgan yoki bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi saylovda ishtirok etishga to‘la haqlidir.

 

Saylovchilarning ro‘yxati Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimida mavjud Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga asosan saylov uchastkalari kesimida shakllantirildi.

 

Bitta saylovchi faqat bitta saylovchilar ro‘yxatiga kiritildi.

 

Mamlakatimizda saylovchilar yagona elektron ro‘yxatiga 19 944 859 nafar saylovchi kiritildi.

 

Saylovda ilk marotaba qatnashadigan yoshlar 506,8 ming nafarni tashkil etadi.

 

Saylov uchastkasini aniqlash va o‘zgartirish bo‘yicha interfaol xizmat ko‘rsatish tartibi yo‘lga qo‘yildi.

 

Saylovchilarning ro‘yxatlari saylovga 15 kun qolganida hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etildi.

 

Saylovchilar Uchastka saylov komissiyasi binosida Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti (saylov.uz), Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali saylovchilar ro‘yxati bilan tanishishlari mumkin

 

 

Mahalliy kuzatuvchilar, saylovchi-fuqarolar, saylovning boshqa ishtirokchilari bevosita o‘zlari yoki vakillari orqali saylov komissiyalariga ariza, taklif va shikoyat bilan murojaat qilishlari mumkin.

 

Saylov qonunchiligiga ko‘ra, murojaatlar uch kunlik muddatda, agarda saylovga olti kundan kam vaqt qolgan bo‘lsa yoki ovoz berish kuni kelib tushgan murojaatlar esa darhol ko‘rib chiqilib, ularga yozma javob beriladi.

 

Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazida O‘zbekiston hududida yashovchi aholi uchun bepul 12-00 qisqa raqamli va xorijda istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun 55-500-12-00 raqamli tezkor axborot berish markazi (Kol-markaz) tashkil etildi.

 

Kol-markaz orqali fuqarolarga ovoz berish uchastkasini aniqlash va saylovga oid boshqa ko‘plab ma’lumotlarni o‘zbek, qoraqalpoq, rus hamda ingliz tillarida olish imkoniyati yaratilgan.

 

Joriy yilning 1 oktyabr kunidan ish boshlagan tezkor axborot berish ishonch telefoni Kol-markazga jami 612 ta murojaat kelib tushdi (joriy yilning 25-oktyabr soat 18:00 holati).

 

Bundan tashqari, saylovoldi tashviqotini olib borishdan norozi bo‘lib 12 ta shikoyat kelib tushdi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanishi e’lon qilinganidan buyon Markaziy saylov komissiyasiga 154 ta murojaat kelib tushdi.

 

Fuqarolardan, saylov tashkilotchilari-yu, jurnalistlardan tushayotgan barcha murojaatlarga Markaziy saylov komissiyasining mas’ul xodimlari, saylov bo‘yicha yetakchi ekspertlar va huquqshunos olimlardan iborat navbatchilar guruhi tomonidan o‘z vaqtida malakali javoblar qaytarilmoqda. Tushgan murojaatlarning birortasi e’tibordan chetda qolayotgani yo‘q.

 

Milliy saylov qonunchiligimizga binoan, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.

 

Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi.

 

Muddatidan oldin ovoz berish joriy yilning 16 – 23 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tdi.

 

Mamlakatimiz hududidagi saylov uchastkalarida 1 million 15 ming 948 nafar saylovchilar muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalanishdi.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ovoz berish joriy yilning 27 oktyabr kuni soat 8:00 dan 20:00 gacha o‘tkaziladi.

 

Fuqaro uchastka saylov komissiyasining a’zosiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatini ko‘rsatadi hamda saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi. Shundan keyin unga saylov byulleteni beriladi.

 

Ayrim saylovchilar sog‘lig‘ining holatiga yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmagan hollarda, tegishli uchastka saylov komissiyasi ovoz berishni ushbu saylovchilarning iltimosiga binoan ular turgan joyda tashkil etishi mumkin.

 

Hurmatli matubot anjumani ishtirokchilari quyidagilarga alohida e’tibor qaratishlaringizni so‘rayman:

 

2024 yil 27 oktyabr kuni mamlakatimizda uch turdagi saylov bir vaqtda o‘tkaziladi.

 

1. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi;

 

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatlari saylovi;

 

3. Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovi.

 

 

Bu yilgi saylovlarda saylovchilarga ovoz berish uchun to‘rt turdagi saylov byulletenlari beriladi.

 

1. Qonunchilik palatasi deputatlari sayloviga doir bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha saylov byulleteni;

 

2. Qonunchilik palatasi deputatlari sayloviga doir yagona saylov okrugi bo‘yicha saylov byulleteni.

 

Mazkur saylov byulleteniga saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning nomi, ramziy belgisi ularning saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbatiga muvofiq ketma-ketlikda, ya’ni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi kiritildi.

 

3. Xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashi deputatlari sayloviga doir saylov byulleteni;

 

4. Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi deputatlari sayloviga doir saylov byulleteni.

 

Saylov uchastkasida soat 20:00 da ovoz berish tugaganligi e’lon qilinadi va saylov byulletenlar bo‘yicha ovozlar sanab chiqiladi.

 

Saylovda:

 

bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi;

 

Qonunchilik palatasiga saylovda yagona saylov okrugi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini olgan siyosiy partiyalar belgilangan tartibda mandatga ega bo‘ladi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov yakunlariga ko‘ra Markaziy saylov komissiyasining qarori saylovdan keyin 10 kundan kechiktirmay qabul qilinadi hamda Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida va boshqa manbalarda e’lon qilinadi.

 

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

 

So‘zimning yakunida barcha darajadagi saylov komissiyalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida o‘z ishini Saylov kodeksi talablariga binoan, qonuniylik, mustaqillik, xolislik, ochiqlik, oshkoralik hamda adolat tamoyillariga qat’iy amal qilgan holda tashkil etib kelayotganini alohida ta’kidlamoqchiman.

 

Qadrli saylovchilar!

 

Ertaga, 27 oktyabr – yakshanba kuni har birimiz Konstitutsiyaviy huquqimizdan foydalanib, saylovda faol ishtirok etaylik!

 

 

E’tiboringiz uchun rahmat!

 

Taqdimotni yuklab olish

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur