Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASINING NAVBATDAGI MAJLISI TO‘G‘RISIDA AXBOROT

12.04.2023

2776

msk_yangiliklari_in

Bugun, 12-aprel kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis kun tartibidan ayrim referendum uchastkalarida ovoz berish jarayonini video-translyatsiya qilish hamda baʼzi referendum uchastkalarida sinov tariqasida ovoz beruvchi fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish qurilmalaridan foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilash, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar hamda OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish, O‘zbekiston Respublikasining referendumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan ayrim okrug komissiyalari raislarining axborotlari to‘g‘risidagi masalalar o‘rin oldi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazuvchi uchastkalarida referendum kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun muddatidan oldin ovoz berish o‘tkazilishi yuzasidan qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, muddatidan oldin ovoz berish 2023-yil 19-aprel kuni boshlanib, 2023-yil 26-aprel kuni yakunlanishi belgilandi va referendum uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar, dam olish va bayram kunlari soat 12:00 dan soat 16:00 ga qadar  bo‘lib o‘tishi qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasining referendumida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi MSKning qarori bilan MDH kuzatuvchilari missiyasidan, Belgiya, Malayziya, Niderlandiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Hindiston kabi xorijiy mamlakatlardan jami 30 nafar kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Shuningdek, MSKga kelib tushgan murojaatlardan kelib chiqib, mahalliy ommaviy axborot vositalarining 102 nafar, xorijiy ommaviy axborot vositalarining 11 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Endilikda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining umumiy soni 496 nafarni tashkil etmoqda.

Kun tartibiga muvofiq, majlisda davomida referendum o‘tkazuvchi 1-Qoraqalpog‘iston, 7-Samarqand, 13-Qashqadaryo okrug komissiyalari raislarining referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlari xususida axborotlari tinglandi.

Majlisda kun tartibiga kiritilgan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur