MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASINING MUDDATIDAN ILGARI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SAYLOVIGA TAYYORGARLIK KO‘RISH BO‘YICHA MAJLISI HAQIDA

10.05.2023

4702

msk_yangiliklari_in

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-maydagi “Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlash to‘g‘risida”gi PF–68-son Farmoni bilan 2023-yil 9-iyul kuni muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkazilishi belgilandi.

Saylov kodeksiga O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy Qonuni bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlagan taqdirda, saylov Saylov kodeksiga to‘liq muvofiq holda ikki oy ichida o‘tkazilishi belgilangan. Bunda saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Shu bois, 2023-yil 10-may kuni Markaziy saylov komissiyasining muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda saylov kampaniyasini eʼlon qilish va saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Kalendar rejani tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi.

Joriy yil 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi uchun saylov kampaniyasi 10-maydan boshlanishi belgilandi.

Saylovni o‘tkazish bilan bog‘liq qonunchilikda belgilangan tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirilishini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda majlisda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Kalendar rejasi tasdiqlandi.

Mazkur Kalendar rejada mantiqiy izchillik asosida qonunchilikka muvofiq amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlar va ularni amalga oshirish muddatlari belgilandi. Xususan, Kalendar rejaga muvofiq saylov jarayonining 7 ta yo‘nalishi bo‘yicha 51 ta tadbirlar nazarda tutildi.

Kalendar reja saylov kampaniyasini qonun talablariga rioya qilgan holda ochiq va oshkora, to‘g‘ri hamda samarali tashkil etish, mavjud kuch va imkoniyatlarni oqilona taqsimlash va safarbar etishni taʼminlaydi.

Kalendar reja saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tadbirlarni mantiqiy izchillikda tizimli ravishda amalga oshirishga xizmat qiladi.

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tadbirlarning tartibi, bosqichlari hamda muddatlari haqidagi axborot saylovchilar va saylov jarayonlarining boshqa ishtirokchilariga belgilangan tartibda Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish yo‘li bilan yetkazilishi belgilab olindi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur