MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASINING MUDDATIDAN ILGARI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SAYLOVIGA BAG‘ISHLAB O‘TKAZILADIGAN MAJLISI HAQIDA

08.05.2023

3531

msk_yangiliklari_in

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-maydagi “Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlash to‘g‘risida”gi 68-son Farmoni bilan 2023-yil 9-iyul kuni muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkazilishi belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlashga haqli.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 66-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlagan taqdirda, saylov Saylov kodeksiga to‘liq muvofiq holda ikki oy ichida o‘tkazilishi belgilangan. Bunda saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Shu bilan birga, Saylov kodeksida saylov kampaniyasini boshlanganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan eʼlon qilinishi yuzasidan normalar belgilab berilgan.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qonun talablaridan kelib chiqib, Markaziy saylov komissiyasi muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini boshladi.

Shu munosabat bilan 2023-yil 10-may kuni soat 11:00 da Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tadi.

Majlisda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanishini eʼlon qilish hamda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlarini belgilash masalalari ko‘rib chiqiladi.

Mazkur majlis MSKning YouTube platformasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatiladi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur