Markaziy saylov komissiyasida davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan sport musobaqalari yakunlandi

28.08.2026

45

msk_yangiliklari_in

SPORT — BIRDAMLIK VA SALOMATLIK RAMZI

 

2026-yil 26-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida davlat mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan sport musobaqalarining yakuniy uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

 

Musobaqalar Markaziy saylov komissiyasi boshlang‘ich kasaba uyushmasi tomonidan «Sport — birdamlik va salomatlik ramzi» shiori ostida tashkil etildi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad — mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini munosib, keng va ko‘tarinki ruhda nishonlash, shuningdek, xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish hamda ularning salomatligini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

 

 

Musobaqalar sportning stol tennisi, shaxmat va shashka (ayollar o‘rtasida) turlari bo‘yicha o‘tkazildi. Musobaqa davomida barcha ishtirokchilar uyushqoqlik va g‘alabaga bo‘lgan intilishlarini namoyon etdilar. Uchrashuvlar qizg‘in va murosasiz bahslarga boy tarzda o‘tib, barcha o‘yinlar natijalariga ko‘ra musobaqa g‘oliblari va sovrindorlari aniqlandi.

 

 

Sportning har bir turi bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarga 1-, 2- va 3-darajali diplomlar hamda Komissiya boshlang‘ich kasaba uyushmasi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Mukofotlash marosimi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish doirasida bo‘lib o‘tdi.

 

 

Musobaqada faol va munosib ishtirok etgan barcha xodimlarga samimiy minnatdorlik bildirildi. G‘olib va sovrindorlar erishgan natijalari bilan qizg‘in muborakbod etildi.

 

Bunday tadbirlar jamoada birdamlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, xodimlarning sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda ish samaradorligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur