Markaziy saylov komissiyasida yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

02.10.2024

1629

msk_yangiliklari_in

Bugun Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

 

Uchrashuvda joriy yil 27-oktyabr sanasida o‘tkaziladigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi yangilangan Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan kuchli parlamentarizm va joylarda vakillik organlarining vakolatlari sezilarli darajada kuchaytirilgan sharoitda o‘tishi, shuningdek, ilk bor Qonunchilik palatasiga aralash saylov tizimi asosida bo‘lib o‘tadigan saylovning mohiyati va ahamiyati yuzasidan so‘z yuritildi.

 

 

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va Saylov kodeksiga muvofiq fuqarolar 18 yoshdan saylash huquqiga ega bo‘ladi. Joriy yilgi saylovlarda 700 ming nafarga yaqin yoshlar birinchi marta ovoz berish huquqidan foydalanadi. Bu esa, saylov qonunchiligining mazmun-mohiyati bo‘yicha yoshlar orasida targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirishni taqozo etadi.

 

 

Shuningdek, mamlakatimizning 20 ming nafarga yaqin yoshlari saylov komissiyalari faoliyatida bevosita ishtirok etish orqali ham o‘z siyosiy faolligini ifoda etib kelmoqdalar.

 

 

 

Milliy saylov qonunchiligimizga ko‘ra Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar 25 yoshga, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar esa 21 yoshga to‘lgan bo‘lishi kerak.

 

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, avvalgi saylovlarga qaraganda nomzodlar ham ancha yoshargan. Bu yilgi davlat hokimiyati vakillik organlari saylovlarida deputatlikka nomzodlarning 3 ming nafardan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi.

 

 

Uchrashuvda saylash va saylanish – bu yoshlarning nafaqat konstitutsiyaviy huquqi, balki fuqarolik burchi ham ekanligi ta’kidlandi.

 

Shu bilan birga, uchrashuv ishtirokchilariga milliy saylov amaliyotiga tatbiq etilgan yangiliklardan yana biri “E-Saylov” axborot tizimi va uning afzalliklari yuzasidan hamda saylov kampaniyasining muhim bosqichlari xususida ma’lumotlar berildi. Ishtirokchilarning saylovga oid fikr va mulohazalari tinglandi hamda ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.

 

   

 

Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilarining ovoz berish tartibi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida simulyatsion saylov uchastkasida saylov kunidagi ovoz berish jarayoni bevosita amaliy xatti-harakatlar misolida atroflicha tushuntirib berildi.

 

   

 

Bunday tadbirlarning o‘tkazilishi saylovda birinchi marotaba ovoz beruvchi yoshlarda saylovlarning davlat va jamiyat hayotidagi ahamiyati naqadar muhimligini anglab yetishlariga xizmat qiladi.

 

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur