Markaziy saylov komissiyasi vakillari Mo‘g‘ulistondagi parlament saylovlari kuzatuvida ishtirok etmoqda

28.06.2024

2308

msk_yangiliklari_in

Bugun, 28-iyun kuni Mo‘g‘uliston Davlat Buyuk Xurali (parlamenti) deputatlari saylovi bo‘yicha ovoz berish jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda.

 

Saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan ertalab soat 07:00 da o‘z faoliyatini boshladi.

 

           

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z. Nizamxodjayev va Komissiya a’zosi G. Raximova Mo‘g‘ulistonda bo‘lib o‘tayotgan parlament saylovlari xalqaro kuzatuvida ishtirok etib, ushbu kuni saylov uchastkasining ochilishi hamda Ulan-Batorning markaziy va chekka hududlaridagi saylov uchastkalaridagi ovoz berish jarayonlarini kuzatishdi.

 

Mo‘g‘ulistonda siyosiy partiyalar va alohida nomzodlar, mustaqil tashkilotlar va OAV vakillari saylov jarayonlarlarini bevosita kuzatish huquqiga ega bo‘lgan tizim mavjud. Shu bilan birga, mamlakat xalqaro kuzatuvchilar uchun ham ochiqdir.

 

Xalqaro kuzatuv jarayonlarida O‘zbekiston vakillari bilan bir qatorda Gruziya, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Filippin saylov organlari hamda bir qator xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.

 

Saylov jarayonlarini kuzatish Butunjahon Saylov Organlari Assotsiatsiyasi va YXHT DIIHBning 11 nafar ekspertlari, 18 nafar uzoq muddatli va 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchilaridan iborat saylovni kuzatish bo‘yicha missiyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. MSK Matbuot xizmati rahbari M. Alimbayev O‘zbekistondan qisqa muddatli kuzatuvchi sifatida ishtirok etmoqda.

 

Mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra, Mo‘g‘uliston parlament respublikasi hisoblanadi. Mo‘g‘uliston Davlat Buyuk Xuralining vakolat muddati – 4-yil.

 

Qonunchilikka ko‘ra, parlament saylovlarida ovoz berish uchun Davlat avtomatlashtirilgan tizimidan foydalaniladi. Barcha 2 187 ta saylov uchastkalari ovozlarni sanab chiqishning elektron texnik vositalari – byulletenlarni skanerlash uskunalari bilan jihozlangan.

 

           

 

Mo‘g‘uliston Bosh saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 2 238 360 nafar saylovchilarning yarmidan ko‘pi 26 yoshdan 45 yoshgacha shaxslar hisoblanadi.

 

16 352 nafar saylovchi uyida ko‘chma qutilar orqali ovoz berish uchun ariza topshirgan. Ulardan 5 247 nafari poytaxtda, 11 105 nafari qishloq hududlariga to‘g‘ri keladi. Uchastka saylov komissiyalari a’zolari 27-iyun kuni soat 9:00 dan 20:00 gacha ko‘chma muhrlangan qutilardan ovozlarni qabul qildi.

 

              

Ko‘chma saylov qutilardan sog‘lig‘iga ko‘ra saylov uchastkasiga shaxsan kela olmagan, “Safarbarlik to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq ommaviy safarbarlik jarayonlarida qatnashgan, ma’muriy tartibda tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini ko‘rayotgan yoki huquqbuzarlik ishi munosabati bilan qamoqqa olingan saylovchilar foydalana oldilar.

 

Saylovda jami 1 336 nafar nomzod ishtirok etmoqda, ulardan 1 294 nafari 19 ta siyosiy partiya va 2 ta siyosiy koalitsiyalardan, shuningdek, 42 nafar mustaqil nomzodlarni tashkil etadi. Chunonchi, bitta deputatlik mandatiga 10 nafarga yaqin nomzod to‘g‘ri kelmoqda.

                

 

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi Mo‘g‘uliston Bosh saylov komissiyasining Axborot markaziga ham tashrif buyurdi.

 

 

Axborot markazida video-stend o‘rnatilgan bo‘lib, unda saylov uchastkalaridagi tasvirlar aks ettiriladi. Onlayn translyatsiyaga kirish imkoni bo‘lgan barcha uchastkalarda jarayonlarni nazorat qilish uchun tasvirlar o‘zgarib turadi. BSK Axborot markazi har soatda ovoz berish jarayoni bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni taqdim etib bormoqda.

 

                     

Ovoz berish jarayonlari mahalliy vaqt bo‘yicha soat 22:00 gacha davom etadi. Shu bilan birga, qonunchilikka muvofiq saylov uchastkasining ovoz berish xonasida saylov byulletenini olish uchun navbatda turgan saylovchilar ovoz berishning rasmiy vaqti tugaganidan keyin ham ovoz berish huquqiga ega.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur