Markaziy saylov komissiyasi Raisi xalqaro davra suhbatida ishtirok etdi

30.05.2025

215

msk_yangiliklari_in

Joriy yilning 29-may kuni MDH PA Demokratiyani rivojlantirishni monitoring qilish xalqaro instituti tomonidan “Saylov va referendum institutlariga saylovchilar ishonchini shakllantirishda saylovlarni boshqarish organlarining professional darajasi”ga bag‘ishlangan an’anaviy va onlayn formatdagi xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir MDHga a’zo davlatlar saylov organlari rahbarlarining Maslahat kengashi, Rossiyaning Leningrad viloyati va Sankt-Peterburg shahar saylov komissiyalari, shuningdek, Gatchin davlat universiteti hamkorligida tashkil etildi.

 

 

Davra suhbatida MDHga a’zo davlatlar saylov komissiyalari rahbarlari va vakillari, saylovlar sohasidagi mutaxassislar ishtirok etdi.

 

Mavzular bo‘yicha sessiyalar shaklida o‘tgan tadbir doirasida saylov komissiyasi a’zolari professional darajasining saylovchilar ishonchiga ta’siri, siyosiy partiyalar hamda saylovlarni boshqarish organlari o‘rtasidagi hamkorlik, elektron ovoz berishni tashkil etish, MDHga a’zo davlatlarda jamoatchilik (milliy) kuzatuv, hududiy saylov komissiyalari vakillarining xalqaro saylov va referendumlarni kuzatishdagi ishtiroki, saylov nizolari bo‘yicha sud qarorlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tizimlashtirish va umumlashtirishning yangi shakllarini amaliyotga joriy etish kabi masalalar muhokama qilindi.

 

 

Davra suhbatining birinchi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi  Z. Nizamxodjayev “Saylov jarayoni tashkilotchilarining malakasini oshirishning dolzarb masalalari” mavzusida batafsil ma’ruza qildi.

 

Notiq o‘z ma’ruzasida  2024 yilgi saylov kampaniyasi misolida O‘zbekistonda saylov tashkilotchilarini tizimli va bosqichma-bosqich o‘qitish tajribasini taqdim etdi. Ushbu tajriba doirasida MSK tomonidan tasdiqlangan malaka oshirish konsepsiyasini amaliyotga joriy etish, o‘quv-uslubiy materiallarni ishlab chiqish, trenerlar jamoasini shakllantirish, “Saylov” mobil ilovasi va onlayn ta’lim platformasi kabi raqamli texnologiyalardan keng foydalanish, shuningdek, o‘quv jarayonini monitoring qilishga doir masalalar qamrab olindi. Jumladan, saylovdan saylovgacha bo‘lgan davrda aniqlangan muammo va kamchiliklar tahlili asosida turli sohalardagi mutaxassis va ekspertlar jalb etilgan holda tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlarining muhim ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

 

Ta’kidlash lozimki, tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda 2024-yili o‘tgan saylov kampaniyasining ko‘plab ibratli jihatlarini alohida qayd etdilar. Jumladan, saylov tashkilotchilari va siyosiy partiyalar o‘rtasidagi hamkorlikning muhim namunasi sifatida, Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan, saylovoldi tashviqotini o‘tkazishga oid odob-axloq qoidalarining imzolanishi anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

 

Shuningdek, MDH PA xalqaro kuzatuvi doirasida O‘zbekistonda saylov komissiyalari a’zolarini yuqori saviyada tayyorlash, elektron saylovchilar ro‘yxatini joriy qilish, Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi faoliyati kabi ko‘plab yo‘nalishlarda ibratli tajriba to‘plangani  alohida ta’kidlandi.

 

 

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi G.Rahimova, MSK Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi direktori Sh.Hasanov, Kotibiyati bo‘lim boshliqlari A.Adhamov va O.Tolibjonov ishtirok etdi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur