Zayniddin NIZAMXODJAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi Raisi,
O‘zbekiston Qahramoni
ISTIQLOLNING BUYUK QUDRATI
O‘zbekistonning milliy saylov tizimidagi beqiyos o‘zgarishlarda yorqin namoyon bo‘lmoqda
Shu kunlarda yurtimizda istiqlol bayramiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan barcha tadbirlar mazmun-mohiyatida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oya o‘zining yorqin ifodasini topayotganida erishilayotgan ulkan muvaffaqiyatlardan shukronalik mujassam.
Xalqimiz o‘z kuchi va salohiyati bilan barpo etgan mustaqil davlat, erkin va ozod jamiyatni yanada kuchli, yanada go‘zal va obod etish davlatimiz rahbari tomonidan bosh vazifa sifatida belgilangani izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlarda muhim omil bo‘lmoqda. Buni mamlakatimiz milliy saylov tizimidagi beqiyos o‘zgarishlar misolida ham ko‘rish mumkin.
Taraqqiyotimizning o‘tgan davri mobaynida demokratik saylov tizimi va milliy saylov qonunchiligi bosqichma-bosqich shakllantirilib, konstitutsiyaviy prinsiplar va umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga moslashtirildi.
Yangi O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlar samarasida partiyalarning siyosiy maydondagi roli kuchaydi, saylovchilarning faolligi oshdi, saylov jarayonida ishtirok etayotgan fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, mahalliy va xalqaro kuzatuvchilarning jamoat nazorati va monitoringini olib borish vakolatlari kengaydi.
Albatta, bularning barchasi davlatimiz rahbari tashabbusi bilan milliy saylov tizimini tubdan isloh qilish, yanada demokratlashtirish, fuqarolarga qulaylik va erkinlik yaratish bo‘yicha sobitqadamlik bilan olib borilayotgan izchil siyosatning yuksak samaralaridir.
Dunyo tarixiga nazar tashlansa, fuqarolarning saylov huquqini ta’minlash, milliy saylov tizimni shakllantirish, binobarin, demokratiya sari dastlabki qadamlarni qo‘yish jarayoni hech bir mamlakatda oson kechmagani ayon bo‘ladi. Bunday sharafli yo‘lni mamlakatdagi tinchlik, fuqarolararo totuvlik va siyosiy barqarorlikda bosib o‘tish kamdan kam davlatga nasib etgan.
Milliy davlatchilik tarixi necha ming yillarga borib taqaluvchi O‘zbekiston – ana shunday kam sonli mamlakatlardan biri. Mustaqillik yillarida mamlakatimiz milliy saylov tizimi ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi va davlat hokimiyatining muhim institutlarini shakllantirishga salmoqli hissa qo‘shdi.
O‘zbekistonning erkin va raqobatli saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan barcha xalqaro majburiyatlarga qat’iy amal qilib kelayotgani mamlakatimizda saylov kampaniyalari milliy qonunchilik va demokratik saylovlarning umume’tirof etilgan tamoyillariga muvofiq o‘tkazilganida o‘z in’ikosini topmoqda.
Bunda, eng avvalo, davlatimiz rahbarining xalq mehrini qozongan qat’iy siyosiy irodasi, yurtimizdagi siyosiy tizimning yetukligi, demokratiya, madaniyat va inson huquqlarining yuksak mezonlari muhim omil bo‘layotir.
Muvaffaqiyatli o‘tkazilgan har bir saylov va referendum shubhasiz, umummilliy g‘alaba, nafaqat Vatanimizda, balki Markaziy Osiyo mintaqasi va jahonda xavfsizlik, barqarorlik va tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlashga qo‘shilgan munosib hissadir.
Inson huquqlarini, jumladan, fuqarolarning saylov huquqini keng ta’minlash borasidagi milliy yuksalish zamirida Yangi O‘zbekistonda umumiy, teng va to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi, yashirin ovoz berish tamoyillariga qat’iy amal qilinib, umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlarining milliy saylov qonunchiligiga izchil singdirilishi bilan bog‘liq ko‘lamli islohotlar va sharafli mehnat mujassam. Milliy Konstitutsiyamiz va qonunchiligimizda saylov organlarini shakllantirishga oid qoidalarning mustahkamlab qo‘yilgani bu jarayonda ulkan ahamiyat kasb etmoqda.
Samaralari yuksak davr
Ta’kidlash joizki, xalqimiz davlat mustaqilligiga erishgunicha O‘zbekistonda doimiy faoliyat yurituvchi mustaqil saylov organi bo‘lmagan. Muayyan saylov kampaniyasi davrida milliy parlament huzurida muvaqqat ish olib boruvchi saylov qo‘mitasi yoki saylov komissiyasi tuzilgan va saylov yakunlanishi bilan o‘z faoliyatini to‘xtatgan.
1998-yilning 30-aprelida “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi milliy saylov tizimning mustahkamlanishida muhim ahamiyat kasb etdi. Ushbu qonunga binoan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshirishi yo‘lga qo‘yildi.
2014-yildan Konstitutsiyaviy organ maqomi berilgan va faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik, mustaqillik, adolatlilikdan iborat Markaziy saylov komissiyasi mamlakatimizda Prezident saylovi, parlament va mahalliy kengashlar saylovi hamda referendumlarni o‘tkazuvchi barcha saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qilib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasining butun hududida Saylov kodeksining ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi, uning bir xil tarzda qo‘llanilishini ta’minlaydi.
2019-yili Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan xalqaro norma va standartlarga javob beradigan Saylov kodeksi ishlab chiqildi va qabul qilindi.
Vatanimizda saylovlar sohasidagi islohotlarning yangi va yanada yuksak samarali davrini boshlab bergan ushbu Kodeksda saylov qonunchiligiga oid hujjatlar kodifikatsiya qilinib, xalqaro tajriba va amaliyot afzalliklari chuqur tahlil etilgani holda, bir-birini takrorlovchi qonun normalariga barham berildi.
Mazkur Kodeksning yaratilishidan asosiy maqsad fuqarolarning saylov qonunchiligiga doir konstitutsiyaviy huquqlaridan samarali foydalanish, o‘tkaziladigan saylov jarayonlarining xalqaro saylov standartlari qoidalariga muvofiqligini ta’minlash, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi bevosita ishtirok etish huquqlarini yanada mustahkamlash, siyosiy partiyalarning mamlakat siyosiy sahnasidagi sog‘lom raqobatini ta’minlashdan iboratdir.
Saylovchilar va saylanuvchilar uchun keng imkoniyatlar va qulayliklar yaratgan ushbu Kodeks yurtimizda saylovlarning oshkoralik, shaffoflik, haqqoniylik, xolislik kabi demokratik tartib-tamoyillar asosida o‘tishida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bu ayniqsa, Yangi O‘zbekistonda ulkan muvaffaqiyat bilan o‘tkazilgan milliy parlament va mahalliy kengashlarga (2019 va 2024-yillar) va Prezident (2021-yil) saylovlari, O‘zbekiston Respublikasi referendumi hamda muddatidan ilgari Prezident sayloviga (2023-yil) tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish jarayonida yanada yorqin namoyon bo‘ldi.
Mustaqil O‘zbekistonda o‘tkazilgan barcha saylov va referendumlar tadriji aholining ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga qiziqishi va siyosiy faolligi, Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi muttasil ravishda ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Yangi sifat o‘zgarishlari
So‘nggi yillarda saylov qonunchiligi izchil takomillashtirilib, saylov o‘tkazish amaliyoti sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Bunda saylov qonunchiligi xalqaro umume’tirof etilgan tamoyillar, nufuzli xalqaro tashkilotlar tavsiyalari va xalqimiz bilan bamaslahat takomiliga yetkazildi hamda mamlakatimizdagi demokratik islohotlar bilan uyg‘unlashtirildi.
O‘zgarishlarning eng xalqchillaridan biri, shubhasiz, 2021-yildan mamlakatimizda saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilanganidir. Saylovlar ilgari ayni qahraton qish – dekabr oyida o‘tkazilar edi.
Bir qarashda, mamlakatimiz Konstitutsiyasining tegishli moddasidagi bitta so‘z – “dekabr”ni “oktyabr”ga almashtirib qo‘yish jo‘n va oson ishdek tuyuladi. Lekin necha o‘n yillardan buyon amal qilib kelayotgan bu muddatni o‘zgartirishdek xayrli ish Yangi O‘zbekiston sharoitida amalga oshirilganida buyuk bir hikmat – xalq fikri va inson qadriga yuksak hurmat-ehtirom mujassam.
2023-yilda mamlakatimiz tarixida ilk bor umumxalq referendumida qabul qilingani yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi esa Yangi O‘zbekiston hayoti barcha sohalarining konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasida demokratik saylov tamoyili qat’iy mustahkamlandi, fuqarolarning davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqi kafolatlandi. Konstitutsiyamizning ko‘plab boshqa mamlakatlar konstitutsiyalaridan farqli asosiy jihatlardan biri – Bosh qomusimizning alohida XXII bobi aynan saylov tizimi, fuqarolarning saylovga oid asosiy huquqlari kafolatiga bag‘ishlanganidir.
Xususan, 128-moddada har bir saylovchi bir ovozga egaligi, ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanishi, o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqaro saylash huquqiga egaligi, saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilishi belgilandi. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz, deb topilgan fuqarolar, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlik uchun sud hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sud qarori asosida mahrum etilishi mumkinligi ko‘rsatildi.
Zamonaviy konstitutsiyaviy normalar va umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlari asosida milliy saylov qonunchiligi tubdan takomillashtirildi. Yangi O‘zbekistonning milliy saylov tizimida amalga oshirilgan ulkan o‘zgarishlar 2024-yilning 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida o‘zining yorqin ifodasini topdi.
Ta’kidlash o‘rinliki, besh yil avval – 2019-yil 22-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament va mahalliy vakillik organlariga saylovlardan beri mamlakatimiz va xalqimiz hayotida, milliy saylov qonunchiligi va amaliyotida ulkan o‘zgarishlar yuz berdi.
Ushbu jarayonda 2023-yilning 18-dekabr kuni kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun bilan Saylov kodeksiga hamda boshqa yana yettita qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgani parlamentni shakllantirishning yangi zamonaviy tizimini yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘ldi.
Bunda davlatimiz rahbarining 2023-yil 6-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari bilan uchrashuvda mamlakatimiz hayotida siyosiy partiyalarning rolini oshirish uchun aralash saylov tizimiga o‘tishga doir taklifi muhim ahamiyat kasb etdi.
Aralash saylov tizimi o‘zida mohiyatan ikkita – proporsional va majoritar saylov tizimini uyg‘unlashtirgan. Bu tizimda vakillik organidagi mandatlarning, ya’ni deputatlik o‘rinlarining bir qismi deputatlikka nomzodlarning partiyaviy ro‘yxatiga muvofiq siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda, ikkinchi qismi esa bevosita siyosiy partiya tomonidan bir mandatli saylov okruglaridan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlarga berilgan ovozlar natijasiga ko‘ra taqsimlanadi.
Shunday qilib, Qonunchilik palatasidagi deputatlik o‘rnining 50 foizi – 75 nafari ilk bor bir mandatli saylov okruglaridan majoritar saylov tizimi bo‘yicha, qolgan 50 foizi – 75 nafari esa partiya ro‘yxati bo‘yicha proporsional saylov tizimi orqali saylandi.
Ma’lumki, ilgari Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovi faqat majoritar saylov tizimi asosida o‘tkazilgan. 150 nafar deputatning barchasi bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha, bevosita deputatlikka nomzodlarga berilgan ovozlar natijasiga ko‘ra saylangan.
Siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni ko‘rsatishda ayollar uchun kamida 40 foizlik kvota belgilangani Yangi O‘zbekistonda inson qadrini yanada yuksaltirish borasida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning amaldagi yana bir ifodasidir. Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarning 38 foizini yoki 57 nafarini xotin-qizlar tashkil etdi va bu O‘zbekiston tarixida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.
Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar saylovi natijalarini belgilash tartibi takomillashtirilishi bir mandatli saylov okruglarida boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovoz olgan deputatlikka nomzod saylangan, deb hisoblanishi joriy etildi. Boshqacha aytganda, bu galgi saylovda ilgari bo‘lgani kabi mutlaq ko‘pchilik emas, balki nisbiy ko‘pchilik ovozi bilan deputatlar saylanishi ta’minlandi.
O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi fuqarolari Qonunchilik palatasi saylovida ilk bor proporsional tizim bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etdilar. Bu chet davlatlarda bo‘lib turgan fuqarolarimizning siyosiy irodasini ro‘yobga chiqarish hamda ularning bergan ovozini o‘zlariga aloqasi bo‘lmagan boshqa saylov okrugi hisobiga o‘tkazish amaliyotiga barham berdi.
Saylov kodeksida mahalliy kengashlarga saylov o‘tkazish uchun saylov okruglari tegishli deputatlik o‘rinlariga teng miqdorda tuzilishi, deputatlik o‘rinlari soni esa aholi sonidan kelib chiqqan holda aniq belgilab qo‘yilgani huquqni qo‘llash amaliyotini yanada mustahkamlash imkonini berdi.
Saylovlarni professional, ochiq va demokratik tarzda tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish maqsadida, Markaziy saylov komissiyasining konstitutsiyaviy maqomi mustahkamlandi. Markaziy saylov komissiyasi – hududiy saylov komissiyasi – tuman va shahar saylov komissiyasi – okrug saylov komissiyasi – uchastka saylov komissiyasidan iborat saylov komissiyalarining vertikal tizimi joriy etilgani saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni sifat jihatdan yaxshilashga xizmat qildi.
Okrug saylov komissiyasining saylov uchastkalari va uchastka komissiyalarini tuzish, tegishli hududda deputatlikka nomzodlarning ishonchli vakillarini ro‘yxatga olish vakolatlari hududiy saylov komissiyalari tomonidan amalga oshiriladigan bo‘ldi.
Fuqarolarning Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar saylovlari jarayoniga qiziqishining sezilarli darajada oshgani barcha bosqichlari ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik asosida o‘tkazilgan saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning natijalarida yaqqol ko‘rindi: saylovda jami 15 million 27 ming 529 nafar saylovchi ovoz berdi. Bu saylovchilar umumiy sonining 74,72 foizi demakdir.
Qaror va ijro
Raqamli texnologiyalarning O‘zbekiston milliy saylov tizimiga faol va keng joriy etilayotgani saylovlar va referendumlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish jarayonlarida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashda yangidan yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Mazkur tizimga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Saylov jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018-yil 4-oktyabrdagi qarori bilan asos solinganini alohida ta’kidlash joiz.
Yildan yilga takomillashib borayotgan ushbu tizim saylov jarayoniga «Bir saylovchi — bir ovoz» tamoyilini joriy etishdagi qulayligi, aniqligi, qamrovining kengligi va zamonaviyligi bilan nafaqat saylovchilar, balki saylov tashkilotchilari va saylovni kuzatuvchilarning ham keng e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
2024-yilning 27-oktyabr kuni milliy parlamentimiz va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovlarda “Ye-saylov” axborot tizimining ishga tushirilishi bunday e’tiroflarning amaldagi yana bir tasdig‘i bo‘ldi. Ushbu zamonaviy tizim yordamida saylov jarayonining ko‘plab tartib-taomillari raqamlashtirilib, byurokratik to‘siqlari keskin kamaytirildi va shaffofligi oshirildi. Tizim boshqa elektron platformalar bilan integratsiya qilingani saylov jarayonlarining avtomatlashtirilishi va saylovlarga oid ma’lumotlarni real vaqt rejimida olish, almashish imkonini berdi.
Mamlakatimiz tarixida birinchi marta beshta siyosiy partiya tomonidan barcha darajadagi deputatlik o‘rinlariga yuz foiz nomzodlar ko‘rsatildi. Bunda, “E-saylov” interaktiv portalining ishga tushirilgani muhim ahamiyat kasb etdi. Bu tizim orqali siyosiy partiyalar nomzodlarning qonunchilik talablariga mosligi holati bo‘yicha saylov komissiyalari bilan tezkor ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Yangi axborot tizimida fuqarolar uchun ham saylovga oid axborotlarni olishda ko‘plab qulayliklar yaratildi. Xususan, mazkur tizim saylovchilar va saylov uchastkalariga oid statistik ma’lumotlarni olish, barcha turdagi saylovlar bo‘yicha deputatlikka nomzodlar haqida axborotga ega bo‘lish, interaktiv xaritalarda deputatlikka nomzodlar va ularning tarjimayi holi bilan tanishish imkonini berdi.
Toshkent shahridagi o‘nta saylov uchastkasida saylov kuni elektron ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazishning tajriba-sinov tariqasida joriy etilishi ham muhim yangiliklardandir. Elektron ovoz berish tartibi sinab ko‘rilgan saylov uchastkalarida saylovchilar ovoz berishning an’anaviy yoki elektron shaklini mustaqil tanlash huquqidan foydalandi.
Boy tajriba
Istiqlol yillarida O‘zbekiston milliy saylov tizimida erishilgan eng muhim muvaffaqiyatlardan yana biri saylov tashkilotchilarini tizimli va bosqichma-bosqich o‘qitish borasida to‘plangan boy tajribaning xalqaro miqyosda e’tirof etilishi bilan bog‘liq.
O‘qitishning yuqoridan quyiga qarab kengayib, takomillashib boradigan ko‘p bosqichli bu usuli o‘zining yuksak samaralarini bermoqdaki, sababi mashg‘ulotlarni mamlakatimizning saylov qonunchiligi bo‘yicha taniqli olimlari, ekspertlari va amaliyotchilari, jumladan, Markaziy saylov komissiyasining yetakchi mutaxassislari olib boradi.
O‘quv mashg‘ulotlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan malaka oshirish konsepsiyasini amaliyotga joriy etish, o‘quv-uslubiy materiallarni ishlab chiqish, trenerlar jamoasini shakllantirish, “Saylov” mobil ilovasi va onlayn ta’lim platformasi kabi raqamli texnologiyalardan keng foydalanish, shuningdek, o‘quv jarayonini monitoring qilishga doir masalalarni qamrab olgan. Jumladan, saylovdan saylovgacha bo‘lgan davrda aniqlangan muammo va kamchiliklar tahlili asosida turli sohalardagi mutaxassis va ekspertlar jalb etilgan holda tashkil etiladigan o‘quv mashg‘ulotlari bunda muhim ahamiyat kasb etadi.
Saylov komissiyalari tizimini takomillashtirish va komissiya a’zolari sonining maqbullashtirilishi natijasida, saylov tashkilotchilarini o‘qitish va tayyorlashga sarf bo‘ladigan mehnat sarfi va mablag‘larni tejashga erishildi. Jumladan, 2019-yilgi saylovlarida 180 000 nafarga yaqin kishi o‘qitilgan bo‘lsa, 2024-yilda bu raqam 128 701 nafarni tashkil etdi.
2024-yili o‘tgan saylov kampaniyasining ko‘plab ibratli jihatlaridan yana biri saylov tashkilotchilari bilan siyosiy partiyalar o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy natijalari, Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan, saylovoldi tashviqotini o‘tkazishga oid odob-axloq qoidalarining imzolanishi xorijda ham katta qiziqish uyg‘otdi.
Imkoniyati cheklangan fuqarolarning ovoz berish jarayonidagi faolligini oshirish uchun barcha zarur choralar ko‘rilishi ham mustaqillik davrida qat’iy yo‘lga qo‘yilgan muhim yangiliklardan.
Ibratli amaliyot
Istiqlol yillarida Yangi O‘zbekistonda saylovlarni ochiq va oshkora kuzatish, jumladan, xalqaro kuzatuvchilar faoliyatini ta’minlash uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi. Dunyoning ayrim rivojlangan mamlakatlarida ham bunday keng imkoniyat — ko‘p bosqichli nazorat va kuzatuv tizimi hamda amaliyotiga guvoh bo‘lavermaysiz.
O‘zbekiston Respublikasi parlament saylovida jami 851 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Qiyos uchun aytish mumkinki, 2019-yilda o‘tgan saylovlarda 825 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi kuzatuvchi akkreditatsiya qilingan.
Yangi O‘zbekiston xalqaro tashkilotlar faoliyatida faol ishtirok etib, xalqaro saylov standartlarini amalga oshirish jarayonida konstruktiv hamkorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Ular orasida BMT, YXHTning demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YXHT DIIHB), YEXHT parlament assambleyasi, Yevropa parlamenti, MDH, MDH parlament assambleyasi (MDH PA), Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar bor.
Bularning barchasi Yangi O‘zbekistonda uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan hayotbahsh islohotlarda istiqlolning buyuk qudrati yorqin namoyon bo‘layotganining yana bir yorqin tasdig‘idir.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasi,
2025-yil 20-avgust.