MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASINING NAVBATDAGI MAJLISI TO‘G‘RISIDA AXBOROT

14.04.2023

3140

msk_yangiliklari_in

Bugun, 14-aprel kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.  Majlis kun tartibidan O‘zbekiston Respublikasining referendumi davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ovoz berish huquqlarini taʼminlash, ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish, O‘zbekiston Respublikasining referendumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan ayrim okrug komissiyalari raislarining axborotlari to‘g‘risidagi masalalar o‘rin oldi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi referendumi davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash yuzasidan chora-tadbirlar muhokama qilindi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya bo‘linmalarining bu yo‘nalishdagi qator vazifalari belgilab berildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi referendumida nogironligi bo‘lgan shaxslarning ovoz berish huquqlarini taʼminlashga doir chora-tadbirlar yuzasidan qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi referendumida ovoz berish byulletenini to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida tayyorlanadigan trafaret namunasi va tavsifi tasdiqlandi va ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi ovoz beruvchi fuqarolar referendum byulletenida o‘z xohish irodasini mustaqil ifoda eta olishlari uchun har bir referendum uchastkasi trafaret bilan taʼminlanishi belgilandi.

Nogironligi bo‘lgan ovoz beruvchi fuqarolarga qulay bo‘lishi uchun ovoz berish jarayonlarini binoning birinchi qavatida o‘tkazishga alohida eʼtibor qaratilishi, bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini tayyorlash va tarqatish orqali referendum tashviqotini olib borishda nogironligi bo‘lgan fuqarolarning alohida ehtiyojlarini inobatga olish taʼkidlab o‘tildi. Imkoniyati cheklangan ovoz beruvchi fuqarolar referendum uchastkalarida referendumga oid maʼlumotlar, plakatlar bilan tanishishi hamda o‘zlari lozim deb topgan variant uchun erkin, to‘siqlarsiz va yashirin ovoz berishi uchun sharoit yaratilishi qayd etildi.

Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish yuzasidan qabul qilingan qarorga muvofiq 144 nafar mahalliy hamda 11 nafar xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditatsiya qilindi. Umumiy hisobda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining soni 651 nafarni tashkil etmoqda.

Kun tartibiga muvofiq, majlisda davomida referendum o‘tkazuvchi 2-Andijon, 11-Farg‘ona okrug komissiyalari raislarining referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlari xususida axborotlari tinglandi.

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur