Xalqaro konferensiyaning asosiy e’tibori MDH mamlakatlaridagi Prezidentlik instituti faoliyatiga qaratildi

23.05.2024

2048

msk_yangiliklari_in

Bugun Sankt-Peterburg shahrida MDH Parlamentlararo Assambleyasining Demokratiya rivojlanishini monitoring qilish xalqaro instituti va MDH PA Kengashi kotibiyatining hamkor universitetlari tomonidan tashkil etilgan “Hamdo‘stlik mamlakatlarida Prezidentlik instituti” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

 

Konferensiyada MDH Parlamentlararo Assambleyasining doimiy asosda faoliyat yurituvchi komissiyalari a’zolari, xalqaro tashkilotlar, davlat organlari va saylovlarni tashkil etish organlari vakillari, olimlar va ekspertlar ishtirok etdi.

Xalqaro konferensiyadan ko‘zlangan maqsad – MDH mamlakatlarida prezidentlik hokimiyati institutining genezisi va evolyutsiyasini ko‘rib chiqish bo‘ldi.

 

Konferensiya doirasida “XXI asrda Prezident instituti: taraqqiyot istiqbollari” mavzusida davra suhbati va plenar suhbat bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbatida ishtirokchilar prezidentlik institutining paydo bo‘lishi va transformatsiyasi; uning MDH mamlakatlarida taraqqiy etishi; MDH davlatlarida prezidentlarning vakolatlari; MDH davlatlarida prezidentlik saylovlarini o‘tkazish; Hamdo‘stlik makonida prezidentlik saylovlarini xalqaro kuzatish masalalariga to‘xtaldilar.

 

Qozog‘iston (2022-yil noyabr), O‘zbekiston (2023-yil iyul), Ozarbayjon (2024-yil fevral) va Rossiyada (2024-yil mart) bo‘lib o‘tgan Prezident saylovlari xalqaro kuzatuvi bo‘yicha hisobotlar tinglandi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z. Nizamxodjayev “O‘zbekistonda saylov jarayonida raqamli texnologiyalar” mavzusida ma’ruza qildi.

 

O‘zbekistonda saylov jarayonlarini raqamlashtirish 2017-yilda Saylov jarayonlarini boshqarish axborot tizimi va Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidan boshlanganligi ta’kidlandi.

 

So‘nggi yillarda saylovchilar uchun quyidagi bir nechta onlayn xizmatlar ishlab chiqilgan: saylovchilar ro‘yxatida mavjudligini tekshirish; saylov uchastkasini aniqlash yoki uni o‘zgartirish; saylovchilarni xorijdagi diplomatik vakolatxonalarda tashkil etilgan saylov uchastkalarida onlayn ro‘yxatga olish; sudga yoki saylov komissiyalariga murojaat va shikoyat qilish.

2021 yilgi Prezident saylovidan so‘ng har bir navbatdagi saylov va referendum jarayonlari uchun mobil ilovalar ishlab chiqildi, modernizatsiya qilindi va yangilandi. Ushbu ilovalar keng funksionallikka ega bo‘lib, undan saylov komissiyasi a’zolari, o‘qituvchi-trenerlar, saylovchilar, shuningdek, kuzatuvchilar va OAV vakillari ham foydalanishi mumkin.

 

Z. Nizamxodjayev butun dunyoda saylov tashkilotchilari tomonidan tobora ko‘proq foydalanilayotgan biometrik identifikatsiya, ovoz berish kuni videokuzatuv kabi raqamli vositalar masalalariga ham to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, davra suhbatida MSK a’zosi G. Raximova “Prezidentlik nomzodiga qo‘yiladigan talablar: O‘zbekiston milliy saylov qonunchiligi va xalqaro standartlar” mavzusida ma’ruza qildi.

 

Panel muhokamasida MDH PA Bosh kotibi – MDH PA kotibiyati rahbari D. Kobitskiy va MDH ishtirokchi-davlatlar saylov organlari rahbarlarining Maslahatlashuv kengashi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z. Nizamxodjayev ishtirokchilarni qutladilar. “Hamdo‘stlik mamlakatlarida Prezidentlik instituti” ma’ruzasining taqdimoti, “Prezident hokimiyati instituti jamiyatni siyosiy birlashtirishning asosi” mavzusida ekspert muhokamasi hamda parlament a’zolarining “Prezidentlik va parlament hokimiyati tarmoqlari: MDH mamlakatlaridagi hamkorlik va o‘zaro aloqalar” mavzusida muhokamalari bo‘lib o‘tdi.

Shu bilan xalqaro konferensiya o‘z ishini yakunladi.

 

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur