Ekspert guruhlari siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarini ko‘zdan kechirishdi

20.08.2024

1016

msk_yangiliklari_in

Saylov qonunchiligiga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Qonunchilik palatasi saylovida ishtirok etuvchi siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhini tuzishi hamda besh kunlik muddatda tekshirib chiqishi belgilab qo‘yilgan.

 

Shundan kelib chiqib, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan joriy yil 10-avgust kuni “Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi ekspert guruhlarini tuzish to‘g‘risida” qaror qabul qilingan edi.

 

 

 

Ekspert guruhi a’zolari tarkibiga Ichki ishlar vazirligi hamda Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Hujjatlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasining xatshunos ekspertlari, Toshkent davlat yuridik universiteti, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etildi.

 

Ushbu ekspert guruhlari tomonidan Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasining tegishli Nizom talablariga qat’iy rioya qilgan holda siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni, shu jumladan siyosiy partiyalarni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligini, imzolarning haqiqiyligi tekshirish jarayonlari bo‘lib o‘tdi. Imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ham ishtirok etdi.

 

     

 

Ekspert guruhlari tomonidan tekshirish uchun saylovchilarning har bir siyosiy partiyani  qo‘llab-quvvatlab berilgan imzolari bir xil miqdorda, har bir ma’muriy-hududiy tuzilmadan, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahridan teng nisbatda tanlab olindi.

 

     

 

Ekspert guruhi a’zolari imzo varaqasining to‘g‘ri to‘ldirilganligiga, tuzatishlarga yo‘l qo‘yilganiga, o‘chirib yozilgan tuzatishlar borligiga, turli shaxslar tomonidan to‘ldirilganligiga, o‘xshash imzolar  borligiga, tasdiqlangan tuzatishlar borligiga e’tibor bergan holda har bir imzo varaqasini ko‘zdan kechirdilar.

 

 

 

Vizual tekshiruvda nuqsonlar yoki shubhali holatlar aniqlangan imzo varaqalari puxtaroq tekshirish uchun saralab olinib, sohaning professional mutaxassislari bo‘lgan kriminalist, xatshunos ekspertlar tomonidan yozuvlarni kattalashtirib ko‘rsatuvchi maxsus asboblar yordamida diqqat bilan tekshirildi.

 

Agar MSK tomonidan tanlab olingan imzo varaqalarini tekshirish natijasida imzo varaqalari qonun buzilgan holda tuzilganligi aniqlansa mazkur imzo varaqalari siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga qaytariladi va unga kamchiliklarni bartaraf etish uchun ikki kunlik muddat beriladi.

 

   

 

Ekspert guruhlari imzo varaqalarini tekshirish natijalariga ko‘ra yakuniy xulosa tayyorlaydi. Markaziy saylov komissiyasi Ekspert guruhlarining xulosasini inobatga olgan holda siyosiy partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ishtirok etishi va deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishiga ijozat berish masalasini ko‘rib chiqib, tegishli qaror qabul qiladi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur