O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi Qozog‘iston Respublikasida o‘tkazilayotgan referendumning xalqaro kuzatuvida ishtirok etmoqda

05.10.2024

1629

msk_yangiliklari_in

Markaziy saylov komissiyasi raisi Z. Nizamxodjayev boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurilishi bo‘yicha joriy yil 6-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan respublika referendumining xalqaro kuzatuvida ishtirok etmoqda.

 

Referendumni xalqaro kuzatish dasturining boshlanishi munosabati bilan 5-oktyabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Markaziy Referendum komissiyasida brifing bo‘lib o‘tdi.

 

 

Markaziy Referendum komissiyasi raisi N.Abdirov tadbir ishtirokchilarini qutlar ekan, xalqaro tashkilotlarga va xorijiy mamlakatlarning saylov organlariga ushbu Dasturda ishtirok etish maqsadida mamlakat vakillarini yuborgani uchun minnatdorlik bildirdi.

 

Komissiya rahbari bu referendum Qozog‘istonning mustaqil va suveren davlat sifatida tarixidagi to‘rtinchi referendum ekanligini ta’kidladi. Ta’kidlanishicha, atom elektr stansiyasini qurish masalasi umumxalq referendumi orqali hal qilinmoqda, chunki bu mamlakat barqaror rivojlanishi yo‘lidagi asosiy qadamdir.

 

 

N.Abdirovning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston Respublikasida atom elektrostansiyasini qurilishi bo‘yicha o‘tkazilayotgan respublika referendumini kuzatishda 30 ta xorijiy davlat va 4 ta xalqaro tashkilot, jumladan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Osiyoda o‘zaro hamkorlik va ishonch choralari kengashidan jami 177 nafar kuzatuvchi ishtirok etmoqda.

 

 

Shuningdek, N.Abdirovning Markaziy Referendum komissiyasining taklifiga binoan 14 ta xorijiy davlatlarning markaziy saylov organlari vakillari, jumladan, Ozarbayjon, Belarus, Tojikiston va O‘zbekiston markaziy saylov organlari raislari referendumni kuzatishda ishtirok etayotganini ta’kidladi. U xorijiy davlatlar saylov organlari vakillarining professional fikri alohida ahamiyat kasb etishini qayd etib, ularga Dasturda ishtirok etayotganliklari uchun minnatdorlik bildirdi. Brifing ishtirokchilariga referendumga tayyorgarlikning borishi,  referendum kampaniyasining asosiy bosqichlari hamda 6-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan ovoz berish tartibi haqida ma’lumot berildi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev xorijiy davlatlar saylov organlari nomidan qutlov bilan so‘zga chiqib, ushbu siyosiy tadbir Qozog‘iston uchun muhimligini ta’kidlab, qisqa vaqt ichida olib borilgan referendumga tayyorgarlik ishlarini yuqori baholadi.

 

 

5-oktabr kuni ikki davlat saylov organlari raislarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. N.Abdirov O‘zbekiston delegatsiyasini Qozog‘iston Respublikasida o‘tkazilayotgan respublika referendumini xalqaro kuzatishda ishtirok etayotganligi uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, O‘zbekiston siyosiy institutlarini o‘zgartirish jarayoni, 2023-yilda o‘tkazilgan konstitutsiyaviy referendum natijalariga ko‘ra yangilangan mamlakat qonunchiligi, unga muvofiq 2023 yilda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi va 2024-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan parlament sayloviga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida ijobiy fikr bildirdi. Z.Nizamxodjayev o‘z hamkasbiga 2023 yilda milliy saylov qonunchiligi va amaliyotida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, O‘zbekistonda davlat hokimiyati vakillik organlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik haqida ma’lumot berdi.

 

 

Suhbat davomida mamlakatlarning saylov organlari o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. N.Abdirov ikki davlat saylov organlari o‘rtasida professional hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidladi. Respublika referendumini xalqaro kuzatish boshlanishiga bag‘ishlangan tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi G.Rahimova, Markaziy saylov komissiyasi kotibiyatining tashkiliy nazorat va rejalashtirish bo‘limi o‘rinbosari S.Abdurazaqov ishtirok etdi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur