Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi tashkil qilinganligining 10 yilligi nishonlandi

12.10.2023

1989

msk_yangiliklari_in

Bugun, 12-oktabr kuni Butunjahon Saylov Organlari Assotsiatsiyasi (BSOA) tomonidan Assotsiatsiya tashkil topganligining 10 yilligi munosabati bilan yubiley tadbir va onlayn konferensiya tashkil qilindi.

 

Maʼlumot oʻrnida, BSOA 2013-yil 14-oktabrda 97 ta davlatning aʼzoligida tashkil qilinib, hozirgi kunda esa 111 ta davlatdan 121 ta saylov organlarini birlashtirgan nufuzli xalqaro tashkilot hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tashkilot aʼzoligiga 2013-yilda qabul qilingan. BSOA shtab-kvartirasi Koreya Respublikasi Inchxon shahrida joylashgan.

 

BSOA butun dunyo boʻylab saylov organlari oʻrtasida doimiy hamkorlik va tajriba almashinuvini taʼminlab kelmoqda. Uning oʻz oldiga qoʻygan vazifalari butun dunyo boʻylab demokratiyani rivojlantirish va saylov jarayonlarini ochiq, adolatli va shaffof oʻtkazilishida muhim rol oʻynaydi. Assotsiatsiya turli tadbirlar, jumladan, oʻquv dasturlari, saylovni kuzatish missiyalari, nashrlar va konferensiyalar orqali global saylov muhitini yaxshilanishida oʻz hissasini qoʻshmoqda.

 

 

Masofaviy (onlayn) tashkil qilingan tadbirda dastlab Assotsiatsiya Bosh kotibi In-sik Jang, tashkilot raisi – Janubiy Afrika Respublikasi saylov organi raisi Mosoto Moepalar tabrik soʻzlari bilan chiqish qildilar.

 

Konferensiya davomida tadbir ishtirokchilari bir qator muhim mavzularda taqdimot qilishdi. Jumladan:

 

– saylov organi xodimlari uchun oʻquv mashgʻulotlari, treninglar va seminarlarni tashkil etish;

 

– xorijiy mamlakatlarda oʻtkaziladigan saylov va referendumlarni kuzatish va monitoring qilish jarayonlarini samarali olib borish;

 

– saylov jarayonlarida AKTdan foydalanish va tashviqot tadbirlarini toʻgʻri tashkil qilish va h.k.

 

BSOAning umumiy ish faoliyatini yaxshilash boʻyicha muhokama sessiyasida Assotsiatsiya faoliyatini yanada rivojlantirish va aʼzo mamlakatlarga saylov sohasida koʻmak berish amaliyotini yanada takomillashtirish masalalari boʻyicha ishtirokchilar oʻrtasida qizgʻin muhokama boʻlib oʻtdi.

Tadbirda 40 dan ortiq saylov organlaridan 80 nafarga yaqin ishtirokchilar, shu bilan birgalikda, Markaziy saylov komissiyasi raisi oʻrinbosari B. Kuchkarov va Kotibiyatining Xalqaro hamkorlik boʻlimi xodimlari ishtirok etishdi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur