MUDDATIDAN ILGARI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SAYLOVINI O‘TKAZUVCHI OKRUG KOMISSIYALARINING AʼZOLARI UCHUN O‘QUVLAR TASHKIL ETILDI

22.05.2023

3397

msk_yangiliklari_in

Joriy yilning 22-may kuni Markaziy saylov komissiyasi tashabbusi bilan Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi asosida okrug komissiyalari aʼzolari uchun saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda okrug saylov komissiyalari oldidagi asosiy vazifalar mavzusida o‘quv-amaliy mashg‘ulot tashkil etildi. 

Markaziy saylov komissiyasining aʼzolari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti va Huquqni muhofaza qilish akademiyasining professor-o‘qituvchilaridan iborat ekspertlar guruhi tomonidan olib borilgan o‘quv-mashg‘ulotida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 42 nafar okrug komissiyalarining raisi, rais o‘rinbosari va kotibidan iborat aʼzolari ishtirok etdi. 

O‘quv mashg‘ulotlarining maqsadi – saylov o‘tkazuvchi okrug komissiyalari aʼzolarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishdagi asosiy vazifalari, saylov jarayonlarini umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlariga rioya etilgan holda, Saylov kodeksi talablari asosida, uyushqoqlik bilan tashkil etishdagi ko‘nikmalarini oshirishdan iborat bo‘ldi.

Seminar treningda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tashkil etish va o‘tkazishning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari hamda Markaziy saylov komissiyasining qarorlari, saylov kalendar rejasining o‘ziga xos xususiyatlari, saylovchilar ro‘yxatini shakllantirish va ushbu ro‘yxatlar bilan ishlashda okrug saylov komissiyalari oldida turgan vazifalar, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, ovoz berish kuniga tayyorgarlik, okrug saylov komissiyasining saylov jarayoni ishtirokchilari bilan hamkorligi, okrug saylov komissiyalar faoliyatini moliyalashtirish tartibi, saylov okrugi bo‘yicha ovoz berish yakunlarini aniqlash kabi mavzular muhokama etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov okruglari va uchastkalari uchun binolarni tanlash, ovoz berish xonalarini jihozlashga qo‘yilgan talablar yuzasidan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Nazariy va amaliy mashg‘ulotlardan iborat o‘quv-mashg‘ulotining yakunida, ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur